YeCHL: Parijda yil o‘yini o‘tkazildi
Kecha tunda dunyo futbol ixlosmandlari e’tibori Fransiya poytaxti Parijga qaratildi. Negaki, ushbu kechada Yevropa chempionlar ligasining yarim finalidan o‘rin olgan ilk o‘yin — “PSJ” - “Bavariya” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
YeCHLning bu yilgi mavsumini o‘zgacha o‘tkazayotgan ushbu jamoalar bahsi 5:4 hisobida mezbonlar foydasiga yakunlandi. Uchrashuvdagi gollarga parijliklar safida Usmon Dembele (dubl), Xvicha Kvaratsxeliya (dubl) va Nevesh mualliflik qilgan bo‘lsa, myunxenliklar tarkibida Harri Keyn, Maykl Olise, Upamekano hamda Luis Dias raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Mazkur o‘yin natijasi har ikki jamoa uchun rekord va antirekordlarni olib keldi. Ya’ni, “Bavariya” so‘nggi marotaba 2023-yilning 9-dekabr kuni “Ayntraxt”ga qarshi o‘yinda 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi va bugunga qadar hech bir jamoa ushbu klub darvozasiga bir o‘yinda beshta gol ura olmayotgan edi.

"Bavariya” darvozaboni Manuel Noyer ushbu bahsda darvozaga yo‘naltirilgan barcha zarbalarni o‘tkazib yubordi va biror marotaba seyv amalga oshirmadi. Chempionlar ligasi pley-off bosqichida bunday holat oxirgi marta 2000-yilda kuzatilgan edi.
Shuningdek, “PSJ” va “Bavariya” o‘rtasidagi Chempionlar ligasi yarim final bahsida (5:4) jamoalar jami to‘qqizta gol urdi. Bu esa musobaqa tarixida ilk bor ushbu bosqichning bir uchrashuvida 9 ta gol urilgan o‘yin sifatida qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida, 1959-1960-yilgi Yevropa chempionlar kubogi yarim finalida “Ayntraxt” futbolchilari “Reynjers”ni 6:3 hisobida mag‘lub etgan, ammo o‘sha paytda musobaqa boshqacha formatda o‘tkazilgan edi.
“Bavariya” va “PSJ” o‘rtasidagi javob o‘yini 6-may kuni Myunxenda bo‘lib o‘tadi.
Bugun soat 23:59 da Yevropa chempionlar ligasining yarim final bosqichi doirasida ikkinchi o‘yin start oladi. Unda "Atletiko" o‘z maydonida "Arsenal" bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA