Chempionlar tayyorlanayotgan maskan
FOTOREPORTAJ
Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida nafaqat hudud, balki mamlakatimiz sport hayotida muhim o‘rin egallaydigan zamonaviy sport markaziga aylanib ulgurgan.
2019-yilda sport maktabi infratuzilmasi yanada kengaytirilib, sportchilar uchun mo‘ljallangan 5 qavatli, 100 o‘rinli zamonaviy turar joy binosi barpo etildi. Bugungi kunda bu yerda 7 ta zamonaviy sport zali, 3 ta ochiq sport maydonchasi hamda 2 ta vorkaut maydonchasi mavjud.
Maktabda 28 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklarda 673 nafar o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Muassasa tashkil etilganidan buyon yuqori malakali sportchilarni tayyorlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, 21 nafar “Xalqaro toifadagi sport ustasi”, 94 nafar “O‘zbekiston sport ustasi” va 394 nafar “O‘zbekiston sport ustaligiga nomzod” tayyorlandi.
Sport maktabi tarbiyalanuvchilarining yutuqlari ham tahsinga sazovor. Ular tomonidan O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 2 ming 259 ta, Osiyo chempionati va kuboklarida 158 ta, jahon chempionati va kuboklarida 66 ta, xalqaro turnirlarda 103 ta medal qo‘lga kiritildi. Shuningdek, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida 14 ta, Islom birdamlik o‘yinlarida 6 ta va MDH o‘yinlarida 3 ta medal jamg‘arildi.
[gallery-29070]
2018–2026-yillar mobaynida sport maktabi tomonidan milliy terma jamoamiz safiga jami 1 ming 173 nafar sportchi tayyorlab berilgani ham muassasaning salohiyatidan dalolat.
Yurtboshimiz tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ayniqsa Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bildirilayotgan g‘amxo‘rlik, shuningdek, yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, murabbiy va sportchilarning fidokorona mehnati ushbu yutuqlarning asosiy omillaridir.
Yanada yuksak maqsadlar sari intilayotgan sport maktabi jamoasi endilikda Los-Anjeles–2028 Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish uchun puxta tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA