“Yashil makon” loyihasi – yangi davr taqozosi
Yer yuzidagi jiddiy ekologik muammo — iqlim o‘zgarishi dunyoning barcha mamlakatlarini bu haqda chuqurroq o‘ylashga da’vat etmoqda. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, 1970-yildan buyon dunyoda yovvoyi hayvon va qushlarning soni 3,43 ming turga, tirik sayyoraning indeksi esa 52 foiz qisqargan.
Har yili 11 million gektar tropik o‘rmon kesilmoqda. Yo‘qotishlar o‘simliklar dunyosini tiklash ishlariga nisbatan 10 barobar ko‘p. Har kuni atmosferaga 60 million tonnaga yaqin karbonat angidrid gazlarining chiqarilishi dunyo okeanidagi suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ona tabiatga ziyon yetkazayotgan bu kabi ayanchli holatlarning oldini olish maqsadida yurtimizda "Yashil makon" umummilliy loyihasi joriy etilgan bo‘lib, mazkur xayrli tashabbusda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hamda uning tarkibidagi Burchmulla va Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklari ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi tomonidan joriy yilning mart oyida jami 28 ming tupdan ziyod manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining sog‘liqni saqlash va maktabgacha ta’lim muassasalariga beg‘araz maqsadda jami 21 ming 539 dona manzarali va mevali ko‘chat yetkazib berildi. "Yashil makon" loyihasida faol ishtirok etish orqali nafaqat tabiatni, balki o‘z salomatligimizni, qolaversa, kelgusi avlodlar sog‘ligini ham saqlashga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Olimlarning ta’kidlashicha, yaqin 25−30 yil ichida dunyoda iqlim yanada issiqlashadi va ob-havo sharoiti keskinlashadi. Buning oldini olish maqsadida yerga qadalayotgan ko‘chatlar esa musaffo kelajakni ta’minlovchi kichik qadamlar demakdir. Agar har bir fuqaro o‘zining atrof-muhit muhofazasiga nisbatan mas’uliyatini his qilib, umummilliy loyihaga hissa qo‘shsa, yer yuzidagi yashillik dunyosi yanada gullab-yashnashi shubhasiz.
A.Rustamov,
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i
o‘rmon xo‘jaliklari bo‘yicha bosh mutaxassisi.
O‘zA