Bugungi sarmoya taraqqiyotga ishonchdir
Bugungi kunda Buxoro viloyatida ta’lim sohasini tubdan yangilash, yosh avlod uchun zamonaviy va munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda jami 215 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 140 tasi umumta’lim maktablari, 75 tasi esa maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, unga 1,1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.

Loyihalar asosan investitsiya dasturi doirasida 29 ta muassasaga 205,2 milliard so‘m, xalqaro moliya institutlari ishtirokida 61 ta muassasaga 313,8 milliard so‘m, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar asosida 67 ta muassasaga 434,0 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” hamda “Tashabbusli byudjet” kabi dasturlar doirasida ham o‘nlab ta’lim muassasalarida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

– Bu ishlar natijasida 6 ta yangi ta’lim muassasasi barpo etilishi, 107 ta ob’ekt rekonstruksiya qilinishi va 102 ta muassasa mukammal ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev. – Eng muhimi, qo‘shimcha ravishda 22 mingdan ortiq o‘quvchi va 5 mingdan ziyod tarbiyalanuvchi uchun yangi o‘rinlar yaratiladi. Bu esa aholining ta’limga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mazkur loyihalar nafaqat binolarni yangilash, balki ta’lim jarayonining mazmunan boyishiga ham xizmat qiladi. Zamonaviy jihozlangan sinfxonalar, energiya tejamkor texnologiyalar, qulay va xavfsiz muhit – bularning barchasi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, pedagoglar uchun esa samarali mehnat qilish imkonini yaratadi.

Alohida ta’kidlash joizki, bunday keng qamrovli ishlar viloyat ta’lim tizimi tarixida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Bu jarayonlar orqali Buxoro nafaqat madaniy-tarixiy markaz, balki zamonaviy ta’lim infratuzilmasiga ega hudud sifatida ham o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.
Bugun ta’limga yo‘naltirilayotgan har bir sarmoya ertangi taraqqiyotga qo‘yilayotgan eng ishonchli qadamdir. Chunki sifatli ta’lim olgan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlar yurt ravnaqi va jamiyat farovonligining asosiy omili hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.