Institutda “Talabalar bahori” festivali o‘tkazildi
Andijon davlat chet tillari institutida “Payshanba – yoshlar kuni” doirasida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va iste’dodlarini yuzaga chiqarish maqsadida “Talabalar bahori” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalning ochilishida institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov va boshqalar yurtimiz yoshlariga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida ta’kidladi.

Festival tadbirlari “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jonibek Davronov ishtirokidagi uchrashuv-muloqot bilan boshlandi. Muloqotda yurtimiz yoshlari, xususan, talabalarga o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, talabalar ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishlari muhim ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish xususida so‘z yuritildi. Institutning turli hududlarida talaba yigit-qizlar o‘rtasida osh tayyorlash, qizlar o‘rtasida bahoriy salatlar tayyorlash, soch turmaklash tanlovlari o‘tkazildi.

“Ranglarda bahor tasviri” mavzusidagi rasmlar tanlovida talabalar bahor, go‘zal tabiat mavzusidagi hamda yurtimizning obod go‘shalari aks etgan rasmlari bilan ishtirok etib, o‘zlarining tasviriy san’at yo‘nalishidagi iqtidorlarini namoyish etdi.
Sport va salomatlikni targ‘ib etish yo‘nalishida fakultetlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan milliy o‘yinlar – arqon tortish, tosh ko‘tarish, kuch sinashish bellashuvlari ham ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Sahnada iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, rang-barang raqslar, ijodkor talabalar ishtirokidagi mushoira festivalga o‘zgacha ruh, yuqori ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
– Festival tadbirlari juda mazmunli va qiziqarli o‘tdi, – deydi institutning 1-bosqich talabasi Husnida Abdulboqiyeva. – Ayniqsa, tengdoshlarimning raqs ijro etishi, she’rlarni ifodagi o‘qishi ko‘plab talabalarda katta taassurot qoldirdi. Umuman, o‘tkazilgan tadbirlar talabalarga shijoat, ulkan motivatsiya berish bilan birga, bizni puxta bilim olishga, yanada faol bo‘lishga undadi.

Talaba yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan festival yakunida o‘tkazilgan tanlov, sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari, faol ishtirokchilari institut rektorati tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.