Yashil iqtisodiyotga o‘tishda raqamli transformatsiya
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida “O‘zbekistonning yashil iqtisodiyoti: barqarorlik hisoboti, biznes strategiyalar va menejment transformatsiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Islomjon Qo‘chqorov yashil iqtisodiyotga o‘tish bugungi kunda muqobil yo‘l emas, balki zaruratga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi. Bu jarayon esa nafaqat davlat siyosati, balki biznes, ilmiy hamjamiyat va jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni talab etishini qayd etdi.

Tadbir davomida yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida raqamli transformatsiya, iqtisodiy diversifikatsiya, moliyaviy va huquqiy tizimlarni takomillashtirish, shuningdek, xalqaro tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, iqlim xavflarini baholash, sun’iy intellektni rivojlantirish, energetika sohasida audit tizimini takomillashtirish, “yashil koridorlar”ni joriy etish va korxonalarda zamonaviy boshqaruv tizimlarini rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va “yashil” innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Anjumanda soha mutaxassislari muhokama kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Bugungi ekologik muammolar ta’sirini yumshatish uchun zarur choralarni ko‘rish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA