Yaponiyada o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi ishchi guruh amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo‘lib qaytdi.
Tashrif doirasidagi uchrashuvlarning asosiy qismi yoshlar tadbirkorligi va startaplarni xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Muzokaralarda ishtirok etgan Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruzbek Ablayorov aynan ushbu yo‘nalishlarda muhim kelishuvlarga erishdi.

Xususan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida Yaponiyada o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, JICA tashkiloti bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi yoshlarni “bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida qo‘llab-quvvatash hamda Yaponiya oliygohlarida o‘qitish imkoniyatini beruvchi JDS dasturini boshqa sohadagi yoshlar uchun ham joriy etish muhokama qilindi.

Yoshlar yetakchilari va mahalla raislari uchun Yaponiyada malaka oshirish dasturini tashkil etish hamda O‘zbekiston va Yaponiya yoshlar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, shuningdek, Yaponiyaning yosh tadbirkorlar palatasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – Yaponiya yoshlari forumi”ni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu amaliy qadamlar va innovatsion yondashuvlar o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro bozorga chiqishi hamda global biznes loyihalarida o‘z o‘rnini topishida muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA