21 ta loyiha qaytarildi
Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida shaharsozlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish loyihalari atroflicha muhokama qilindi. Muhokamalar rasmiy hisobotlar bilan cheklanib qolmadi — har bir loyiha mazmun-mohiyati, texnik yechimlari hamda aholi manfaatlariga qay darajada xizmat qilishi nuqtai nazaridan chuqur tahlil etildi.
Yig‘ilishda jami 25 ta loyiha ko‘rib chiqildi. Biroq ularning 21 tasi aniqlangan kamchiliklar sababli takomillashtirish uchun qayta ishlashga qaytarildi. Bu qarorlar rad etishdan ko‘ra, sifatni ta’minlashga qaratilgan qat’iy yondashuv sifatida baholandi. Ayrim loyihalarda iqtisodiy hisob-kitoblar yetarlicha asoslanmagani, boshqalarida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma masalalari yetarli darajada ishlab chiqilmagani aniqlandi. Shuningdek, ayrim holatlarda aholi uchun qulayliklar, ijtimoiy ehtiyojlar hamda shaharsozlik me’yorlari to‘liq inobatga olinmagani qayd etildi.
Kengash muhokamalari davomida bir jihat alohida ta’kidlandi: bugun qabul qilinayotgan qarorlar ertaga fuqarolarning kundalik turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har bir loyihaga nisbatan mas’uliyatli va talabchan yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 4 ta loyiha ma’qullandi. Jumladan, Xovos tumanidagi Oqchangal va Gulbahor mahallalarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish, Guliston shahridagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish, shuningdek, 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosini qurish hamda mavjud 800 o‘rinli binolarni ta’mirlash ishlari qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu loyihalar ta’lim infratuzilmasini yanada yaxshilash, bolalar uchun zamonaviy va xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhimi, bu galgi muhokama yana bir jihatni yaqqol ko‘rsatdi: Sirdaryoda qurilish shunchaki boshlanadigan jarayon emas. Avvalo u puxta o‘ylanadi, har tomonlama tekshiriladi va shundan keyingina amalga oshirishga ruxsat beriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri