Ko‘za kunda emas, kunida sinadi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Baliqchi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tumandagi ikkita xonadonda 6 turdagi jami 6 ming 221 dona turli dori vositalari hamda 2 ming 400 dona tibbiy qo‘lqoplar noqonuniy tarzda saqlanib kelinayotgani aniqlandi.

O‘rganishlar davomida mazkur tibbiy vositalar aynan bir shaxsga tegishli bo‘lib, ularni kelgusida sotish maqsadida ushbu xonadonlarga joylashtirganligi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislarning qayd etishicha, og‘riq qoldiruvchi va energiya beruvchi deya ta’riflangan ushbu dori vositalarining sifati kafolatlanmagan, saqlanish sharoitlari ham talab darajasida bo‘lmagan.

O‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan avtotransport vositasi Izboskan tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida, avtomashinada 5 turdagi jami 1 ming 392 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

Andijon tumani hududidagi yashash xonadonlardan biri belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, 7 turdagi bolalar uchun mo‘ljallangan jami 2 ming 262 dona dori vositalari borligi aniqlandi. Ushbu fuqaroning avtomashinasidan esa yana 4 turdagi 71 dona in’eksiya uchun mo‘ljallangan dori vositalari topildi.

Bojxona boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida aniqlangan qariyb 10 ming dona sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari sotilishining, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuzlab ko‘ngilsiz holatlarning oldi olindi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.