Yangi uylar ko‘paygani sari mas’uliyat ham ortmoqda
18-aprel — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni
So‘nggi yillarda yurtimizda uy-joyga bo‘lgan talab ancha oshib ketdi. Aholi ko‘payyapti, ko‘pchilik shaharga kelyapti, har kim yaxshi sharoitli uyda yashashni xohlaydi. Shuning uchun yangi uylar, ko‘p qavatli binolar tobora ko‘payib bormoqda.
Bugun qurilayotgan uylar avvalgilardan ancha farq qiladi. Qulayliklar ko‘p, atrofida yo‘l, do‘kon, maktab, bog‘cha bor. Ayrim joylarda yangi texnologiyalar ham qo‘llanilyapti. Bu esa odamlar hayotini yengillashtirayapti.
Lekin uy qurishning o‘zi yetarli emas. U yerda yashash ham qulay bo‘lishi kerak. Suvi, chirog‘i, issiqligi joyida bo‘lmasa, eng chiroyli uy ham qadrini yo‘qotadi. Shuning uchun kommunal xizmatlar har doim yaxshi ishlashi juda muhim.
Shu yerda eng katta yuk aynan shu sohada ishlaydigan insonlar zimmasiga tushadi. Ular har kuni sovuq yoki issiq demay ishlab, odamlar uyida chiroq yonib turishi, suv kelishi, atrof toza bo‘lishini ta’minlab kelishadi. Ko‘pincha ularning mehnati ko‘zga tashlanmaydi, lekin har bir qulaylik ortida aynan shu insonlarning zahmati bor.
Bugun yangi uylar soni ortib borayotgan bir paytda, bu mas’uliyat yanada oshmoqda. Endi nafaqat bor tizimni saqlash, balki uni yanada yaxshilash, yangi uylarni sifatli xizmat bilan ta’minlash, muammolarni tez hal qilish ham talab etilmoqda. Shuning uchun bu sohada ishlaydigan har bir insonning mehnati qadrli. Chunki ular bor ekan, uylarimiz haqiqatan ham yashash uchun qulay maskanga aylanadi.
N.Rahmonova, O‘zA