O‘zbek onomastikasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan olim
O‘zbek tilshunosligi keyingi o‘n yilliklarda mazmun va ko‘lam jihatidan sezilarli darajada rivojlandi. Ayniqsa, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidam boshlab bu sohada yangi ilmiy yo‘nalishlar shakllandi. Eksperimental fonetika, fonologiya, morfonologiya, frazeologiya, uslubshunoslik, nutq madaniyati, sotsiolingvistika, areal lingvistika va lingvostatistika kabi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi o‘zbek tilshunosligining nazariy va amaliy asoslarini mustahkamladi. Ana shu jarayonda onomastika ham tilshunoslikning mustaqil va istiqbolli tarmoqlaridan biri sifatida shakllandi.
Onomastika – tilshunoslik doirasida shakllangan bo‘lsa-da, uning tadqiqot ob’ekti faqat til materiallari bilan cheklanmaydi. Chunki joy nomlari, kishi ismlari, urug‘-qabila nomlari, suv havzalari, tog‘ va qishloq nomlari ko‘pincha tarix, etnografiya, geografiya va ijtimoiy hayot bilan uzviy bog‘liq holda vujudga keladi. Shu sababli onomastika ko‘p fanlar tutashgan nuqtada rivojlanadigan ilmiy yo‘nalish hisoblanadi. Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy mavqei oshgani sayin tilshunoslik sohasida, xususan, onomastik tadqiqotlarda yangi bosqich boshlandi. Davlat tili maqomini mustahkamlashga doir qonun va qarorlar, milliy tarix va qadriyatlarga yangicha yondashuv, joy nomlari va tarixiy atamalarga e’tibor kuchayishi bu yo‘nalishning dolzarbligini yanada oshirdi.
Bugungi kunda o‘zbek onomastikasi faqat ilmiy izlanish doirasida qolib ketgan soha emas. Uning natijalari ta’lim tizimida, lug‘atchilikda, tarixiy-madaniy merosni tiklashda, hududiy nomlash amaliyotida ham qo‘llanmoqda. Bu esa sohaning nazariy natijalari amaliy hayotga ta’sir ko‘rsata boshlaganini bildiradi. Nomlarga ilmiy asosda yondashish milliy xotirani saqlash, tarixiy manzaraning uzviyligini tiklash va yosh avlodda ona tiliga hurmatni shakllantirishda muhim omil bo‘lib bormoqda.
Sohaning mana shunday muhim yo‘nalishi, o‘zbek onomastikasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlar orasida Mo‘min Turdibekovning ilmiy faoliyati alohida o‘rin tutadi. Yoshlikdan bilimga chanqoqlik, adabiyotga oshuftalik va intilish uning hayot yo‘lini belgilab berdi.
Ustozning mehnat faoliyati izchillik, sabr-toqat va doimiy o‘sish tamoyili asosida shakllangan. U faoliyatini 1984–1991-yillarda tarix-filologiya yo‘nalishida tahsil olishdan boshlagan, 1985–1987-yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. Keyinchalik Xo‘jand davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, O‘zFA Tilshunoslik instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Renessans ta’lim universitetida turli lavozimlarda faoliyat yuritdi.
Uning ilmiy izlanishlari onomastika bilan bevosita bog‘liq. 2001-yilda “Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk” asari onomastikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi. 2023 yil 13 yanvarda “Shimoliy Tojikiston toponimlarining tarixiy-lingvistik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori darajasiga sazovor bo‘ldi, 2025-yilda esa professor unvonini oldi. Ushbu tadqiqot o‘zbek onomastikasidagi muhim ishlardan biri sifatida baholanadi, uning natijalari o‘zbek va tojik tili tarixi, onomastika, dialektologiya, tarix va geografiya fanlari uchun foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.
Mo‘min Turdibekovning ilmiy-pedagogik merosi o‘z ko‘lami va mazmuni bilan alohida e’tiborga loyiq. U ilmiy faoliyati davomida uchta monografiya, uchta darslik, uchta o‘quv qo‘llanma, oltita o‘quv-uslubiy qo‘llanma va 150 dan ortiq ilmiy maqola e’lon qilgan. Nash etilgan ishlar esa olimning yuksak faolligi, mehnatsevarligi va ilmiy fikrdagi sermahsulligini yaqqol namoyon etadi. Bu meros bugungi talabalar, yosh tadqiqotchilar va soha mutaxassislari uchun mustahkam nazariy-amaliy manba vazifasini o‘taydi.
Ilmning haqiqiy qudrati uning amaliyotga xizmat qilishida namoyon bo‘ladi. Olim ilmiy kengashlar va seminarlar faoliyatida ishtirok etib, yosh tadqiqotchilarga rahbarlik qilmoqda. Haqiqiy ustoz faqat bilim bermaydi – u ilmga muhabbat uyg‘otadi, insonni kamolga yetaklaydi, shogirdning kelajagiga ishonch bag‘ishlaydi. Mo‘min Turdibekov ana shunday murabbiylar toifasiga mansub. Uning rahbarligida qator filologiya fanlari doktori va 10 ta yaqin falsafa doktori dissertatsiyalari bajarilayotgani ustozning ilmiy maktab yaratayotganini anglatadi. Bu esa har qanday olimga nasib etavermaydigan yuksak baxt va katta sharafdir.
Mo‘min Turdibekovning fazilatlari haqida so‘z yuritganda, uning shaxsiy insoniy qiyofasini alohida ta’kidlash joiz. U tashkilotchi, g‘amxo‘r murabbiy, bilimdon pedagog sifatida talabalar orasida hurmat qozongan. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlarida faol qatnashib, talabalar ongida vatanparvarlik, ma’naviy hushyorlik, mehnatga mas’uliyat va sog‘lom dunyoqarashni qaror toptirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning toponimik tahlillari asosida Toshkent yerusti metrosi bekatlariga Qipchoq va Qiyot nomlari berilgan.
Shu ma’noda Mo‘min Turdibekovning 60 yillik yubileyi nafaqat bir olimning tavallud sanasi, balki o‘zbek onomastikasi taraqqiyotiga qo‘shilgan amaliy va ilmiy hissani e’tirof etish uchun ham muhim sana hisoblanadi.
Renessans ta’lim universiteti
Filologiya kafedrasi jamoasi