O‘zbekiston global suv xavfsizligi tashabbusiga qo‘shildi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unda ma’lum qilinishicha, Vashington shahrida tashkil etilgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining bahorgi yig‘ilishlari doirasida “Water Forward” global tashabbusi rasman ishga tushirildi. Ushbu tashabbus 2030-yilga qadar 1 milliard aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilgan bo‘lib, unga O‘zbekiston ham qo‘shildi.
Mazkur tadbirda Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xalqaro moliya institutlari rahbarlari hamda turli davlatlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi.
Dunyo miqyosida katta ahamiyatga ega bo‘lgan “Water Forward” tashabbusi suv resurslaridan samarali foydalanish, suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari xavfiga chidamlilikni oshirish orqali aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Shu bilan birga, u oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda ham muhim omil sifatida qaraladi.
Tashabbus doirasida ishtirokchi davlatlar suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni jadallashtirish, sohadagi institutlar salohiyatini mustahkamlash hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, hukumatlar va xususiy sektor bilan keng ko‘lamli hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyihaning asosiy vositalaridan biri sifatida milliy suv paktlari ishlab chiqiladi. Mazkur paktlar orqali har bir mamlakat suv sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab, ularni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy va institutsional resurslarni jalb etadi.
Tadbirda 14 ta davlatdan iborat birinchi guruhning “Water Forward” tashabbusiga qo‘shilgani e’lon qilindi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Mamlakat Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda milliy suv paktini ishlab chiqqan.
Ushbu hujjat “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlariga to‘liq mos bo‘lib, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, irrigatsiya tizimidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, aholini toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan qamrab olish hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Xususan, 2030-yilga qadar kamida 3,8 million aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlash, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotishlarini 25 foizga qisqartirish va sohaga yirik investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA