Yangi brendlar hudud nomini dunyoga tanitadi
Samarqandda mamlakatimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan “100 ta yangi brend” loyihasi doirasida forum boshlandi.
Unda adliya vazirligi, savdo-sanoat palatasi mas’ullari, xalqaro va milliy ekspertlar, samarqandlik tadbirkorlar hamda hunarmandlar ishtirok etmoqda.

Forumning ochilishida adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov, Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev so‘zga chiqib, mazkur loyiha hududiy brendlarni rivojlantirish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbirda milliy brendlarni rivojlantirish istiqbollari, tovar belgilarining raqobatbardoshlikdagi o‘rni, brend identifikatsiyasi va dizayn masalalari, tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi kabi mavzular muhokama qilinmoqda. Shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida ma’ruzalar, amaliy seminarlar va interaktiv sessiyalar tashkil etildi.


Tashkilotchilarning qayd etishicha, mazkur loyiha mamlakatimizda milliy brendlarni rivojlantirish, intellektual mulk sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

Loyiha doirasida 100 ta istiqbolli mahalliy brend tanlab olinib, ularga marketing, dizayn, eksport va brendni rivojlantirish bo‘yicha yordam beriladi, mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish uchun sharoit yaratiladi. Forum qatnashchilari brending va dizaynni yaxshilash, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish, eksport jarayonlarida maslahat va amaliy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari