Bektemirda ko‘chat ekish aksiyasi
Kuni kecha poytaxtimizning Bektemir tumani "Zabardast" mahallasida ko‘chat ekish aksiyasi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi boshchiligida Markaziy Kengash xodimlari, partiya fraksiyasi a’zolari, Toshkent shahar kengashi xodimlari hamda Toshkent shahar hokimligi va bir qator hamkor tashkilotlar vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Aksiya doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov ishtirok etib, partiya xodimlari va deputatlar bilan suhbatlashdi. Shahar hokimi ana shunday tadbirlarni o‘tkazish va tashkil etilgan yangi bog‘lardagi ko‘chatlar parvarishini nazorat qilishda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashni taklif qildi. Hokimlik bunday bog‘larni ko‘paytirib borishni davom ettirishini, ularning gurkirab, yashnab ketishini nazorat qilishda O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolariga tayanishini aytib o‘tdi.

Ko‘chat ekish aksiyasida mahalla hududidagi bo‘sh maydonda ezgu niyat bilan turli daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ushbu bog‘ kelgusida hudud ekologik muhitini yaxshilashda alohida ahamiyatga ega maydon bo‘ladi.
M.Komilova, O‘zA