Ekofraksiya hayvonlarga shafqatsizliklar uchun jazoni kuchaytirmoqchi
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatlar uchun jazoni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi deputatlari tomonidan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Sir emaski, jamiyatimizda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatlar, turli noxush holatlar uchrab turibdi. Eng achinarlisi, ushbu harakatlar mutlaqo asossiz, shunchaki ko‘ngilxushlik uchun sodir etilmoqda.
Joriy yil 25-mart kuni hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga oid qonun qabul qilindi. Endilikda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilgan bo‘lsa-da, biroq bu choralar ham yetarli emasligi hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni tartibga solish masalasi tizimli va kompleks huquqiy yondashuvni talab etmoqda.
Shu bois, Ekofraksiyasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilayotgan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘plab xorijiy mamlakatlarning shu yo‘nalishdagi ijobiy tajribasi asosida tayyorlanmoqda. Unda faqat jazo masalasi emas, balki muammoning ildiziga ta’sir qiluvchi choralar nazarda tutiladi. Jumladan:
– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat hisoblanadigan xatti-harakatlarni qonun bilan aniq belgilash va ushbu harakatlarni qat’iy taqiqlash;
– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish harakatlari uchun jinoiy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish, bunda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha jarima qo‘llash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (amaldagi 50 barobargacha va 6 oy ozodlikdan mahrum qilish);
– aybdor shaxslarga javobgarlik qo‘llanilishi bilan birga hayvonlarga yetkazilgan jarohatlar uchun aybdor hayvonning sog‘lig‘ini tiklash bilan bog‘liq veterinariya xarajatlarini to‘liq qoplashi shartligini belgilash (hatto bu xarajatlar hayvonning bozor qiymatidan ancha yuqori bo‘lgan holatlarda ham);

– hayvonlar bilan jamoat joylarida bo‘lish uchun qulay muhitlarni tashkil etish, jumladan ko‘zi ojizlarga hamrohlik qiluvchi itlar (it-yo‘lboshlovchilar) va emotsional ko‘makchi hayvonlarni jamoat transportida olib yurishda imtiyoz berishni qonuniy mustahkamlash;
– hayvonlar egalarining ularni himoya qilish, veterinariya xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish, qarovsiz qoldirmaslik kabi majburiyatlarini belgilash, hayvonlarni tashlab ketish holatlariga barham berish;

– ta’lim muassasalarida va ommaviy axborot vositalarida hayvonlarga g‘amxo‘rlik va ularga mehrli munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga oid tushuntirish va xabardorlikni oshirish ishlarini olib borish hamda shafqatsiz munosabatni va uning targ‘ibotini taqiqlash kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.
Ekopartiya mazkur loyihani takomillashtirishga xizmat qiladigan barcha takliflarni qabul qilish bo‘yicha keng jamoatchilikka ochiqligini ma’lum qilgan. Bunda barcha manfaatdor shaxslar info@ecouz.uz elektron manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.
Kelgusida mazkur qonunning qabul qilinishi nafaqat hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilishga, balki jamiyatda insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA