Xorijlik sayyohlar “Boysun bahori”ga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishmoqda
Joriy yilning 1-10-may kunlari osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi maftunkor Boysun yana xalq og‘zaki ijodi va etnografiyasini sog‘ingan, go‘zal tabiat manzaralari va Surxondaryoning tarixi olis o‘tmishga borib taqaladigan sayohat manzillariga talpingan dunyo ahlini “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga chorlamoqda.
Sayyoramiz xalqlari qalbidan chuqur joy olayotgan festivalni yanada jozibador, qiziqarli o‘tkazishga Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar puxta hozirlik ko‘rmoqda.

Dunyo olimlarida katta qiziqish uyg‘otib kelayotgan Boysun madaniy muhitini YUNESKO “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” durdonasi sifatida e’tirof etganiga chorak asr, “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilganiga 18 yil to‘layotgan bir pallada o‘tkaziladigan xalqaro festival bu yil ilk marta o‘n kun davom etishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, nomoddiy madaniy meros bayrami tadbirlariga sayqal berilib, madaniy dasturlar boyitilmoqda. Folklor san’ati namoyishi, milliy sport va xalq o‘yinlari jumladan, kurash, ko‘pkari, ot sporti kabi musobaqalarga keng o‘rin ajratilayotir. Mahalliy hokimliklar va tashkilot, korxonalar qo‘rg‘onlarida har bir hududning o‘ziga xos udumlari, tarixi, eng shirin qadimiy taomlari va turfa an’analarini namoyish etish mo‘ljallanmoqda. Asrlar davomida milliy o‘zligini saqlab qolgan Boysunda ulg‘ayib, poytaxtimizda yashayotgan mashhur boysunlik taniqli shoiru, yozuvchilar, san’atkorlar uchrashuvlarini o‘tkazish, ishtirokchilarni ularning ijodlaridan bahramand etish ko‘zda tutilmoqda. Hududlarga xos nafis hunarmandlik ko‘rgazmalari esa surxondaryoliklarning ajdodlar merosini qalb qo‘rida avaylab-asrab, asrlar davomida rivojlantirgani va yosh avlodga yetkazayotganini keng namoyon etadi.

– Bu yilgi dasturlardan o‘rin olishi mo‘ljallanayotgan yana bir yangilik – festival bo‘lib o‘tadigan Bibishirin mahallasidagi turizm majmuasida aylanasi besh metrlik ulkan tandir o‘rnatilib, ta’mi mezbonu mehmonlarni xushnud etadigan boysunliklarning qadimiy noyob taomi tandir go‘sht tayyorlash ham mo‘ljallanmoqda, – deydi Surxondaryo viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i D. Hafizov. – Bunday yirik tandir uchun go‘sht tayyorlash, tandirda pishirish va uni tatib ko‘rish, ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida mamlakatimizning eng sara folklor jamoalari bilan birga jahonning yuzga yaqin davlatidan keladigan san’atkorlar o‘z mahoratini, folklor san’atini namoyish etadi.

O‘tmishdan o‘ziga xos nomoddiy madaniy boyligi, osmono‘par tog‘lariyu, tabiatining betakror go‘zalligi, shifobaxsh zilol suvlari bilan sayyoramizga tanilgan qadimiy bu makonning paleolit davriga oid insoniyat beshigi – Teshiktosh kamari, Amir Temur, Machay g‘orlari, oltmish besh million yillik dinozavrlar izlari, o‘z zamonida muhim istehkom, strategik inshoot vazifasini bajargan Uzundara, Qo‘rg‘onzal, Tumanqo‘rg‘on singari arxeologik yodgorliklari hududning boy tarixidan guvohlik beradi. Bir asrlik tarixga ega Sayrob chinorlari, Omonxona shifobaxsh suvi, Tangisar qizil kanonlari, uzunligi 1430-1500 metrdan ziyod Dark Star (Qorong‘i yulduz) g‘ori, turli dardlarga shifo bo‘ladigan dorivor giyohlari insoniyatning Boysunga mehrini, hayratini oshirib, qalbida ajib his-tuyg‘ular uyg‘otadi.
Ayni paytda xalqaro festival dovrug‘ini eshitgan xorijlik sayyohlar ham Boysunga kelib, bu yerda amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda. Jumladan, fransiyalik bir guruh turistlar viloyatga sayohati chog‘ida Boysunda bo‘lib, turizm majmuasini ko‘zdan kechirdi.

– Festivalga tayyorgarlik jarayoni menda juda chuqur va unutilmas taassurot qoldirmoqda, – deydi fransiyalik sayyoh Mishel xonim. – Har bir qo‘rg‘onda go‘yo tarix sokin nafas olayotgandek, madaniyat esa jozibador ovozi bilan mehmonlarni qarshilayotgandek tuyuladi. Bu yerda har bir bezak, milliy libos, hunarmandlik namunalarida asrlar davomida shakllangan boy an’ana va qadriyat yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yerdagi rang-barang milliylik, samimiy muhit va insonlarning ochiq chehrasi qalbimizga o‘zgacha iliqlik ulashdi. Biz Surxondaryoda qolib, nafis festival boshlanishini kutishga kelishdik. Albatta, bu bayramda qatnashamiz.

Xalqaro festival doirasida mahalliy va xorijlik mehmonlar nafaqat insoniyatning eng qadimgi manzilgohlardan biri bo‘lgan Boysundagi, balki qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasidagi noyob arxeologik va tarixiy obidalar, boshqa turistik maskanlar bilan yaqindan tanishishiga qulay imkoniyat yaratilmoqda.
Viloyatda festivalga hozirlik qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri