Yoshlar – xavfsiz harakat madaniyati targ‘ibotchisi (+video)
Navoiy viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida IIB boshlig‘i Azat Tasbayev va viloyat prokurori Abduqahhor Mullajonov ishtirokida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yoshlar o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatini shakllantirish” mavzusida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda oliy va umumta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari, IIV Navoiy akademik litseyi tinglovchilari, sportchilar hamda qoidabuzarlik sodir etgan yoshlar ishtirok etdi.


Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, mamlakat aholisining katta qismini tashkil etuvchi yoshlar – yurt kelajagi va taraqqiyot tayanchi hisoblanadi. Shu bois, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘naltirish va xavfsiz hayot tarziga o‘rgatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.


Uchrashuv doirasida “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubi a’zolari tomonidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Unda yo‘l harakati madaniyati, qoidalarga rioya qilishning ahamiyati ta’sirchan tarzda yoritib berildi.


Shuningdek, ishtirokchilar zamonaviy texnik vositalar va qurilmalar bilan yaqindan tanishdi. Bu esa ularning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi bilim va tasavvurlarini yanada boyitdi.
Uchrashuvda yoshlar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari, huquqbuzarlik va jinoyat holatlari tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari va salbiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Namoyish etilgan videorolik esa ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

– Ochiq muloqotda yoshlarimiz o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolarini bemalol ayta olishdi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti yoshlar yetakchisi Dilshod Muhammadov. – Bo‘lib o‘tgan videoroliklar taqdimotida ham shunday holatlar namoyish etildiki, yoshlarimizni sergaklikka chorladi. Bu esa ularga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga piyoda yoki haydovchi sifatida qat’iy rioya qilish zarurligini anglatdi.

Uchrashuv so‘nggida faol, intiluvchan va tashabbuskor yoshlar taqdirlandi. Ularga viloyat prokurori hamda IIB boshlig‘ining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tarixi aks etgan muzey bo‘ylab tashkil etilgan sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Bunday uchrashuvlar yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning muammolarini o‘rganish hamda hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3_hSCNfIYIw" title="Yoshlar – xavfsiz harakat madaniyati targ‘ibotchisi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri