O‘zbekiston tajribasi Jenevada taqdim etildi
Jeneva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tomonidan tashkil etilgan Barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy forumda (RFSD26) ishtirok etdi.
Mazkur forum doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Qishloq xo‘jaligida davlat qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish: barqarorlik va iqlimga mos transformatsiya uchun institutsional islohotlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, davlat qo‘llab-quvvatlash tizimini samaradorlik va natijadorlikka yo‘naltirish, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanlikni kuchaytirish hamda institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar tizimini raqamlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan yangi yondashuvlar, fermerlar uchun sug‘urta mexanizmlarini kengaytirish, shuningdek hududlarning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib resurslarni samarali yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.

Tadbir doirasida davlat moliyasini samarali boshqarish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Davra suhbati yakunida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasida rasmiy qabul tashkil etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA