Xorazmda tibbiyot xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi
Sport – inson salomatligini mustahkamlash, jismoniy va ruhiy barqarorlikni ta’minlashning eng samarali vositalaridan biridir. Muntazam mashg‘ulotlar organizmni chiniqtiradi, immunitetni oshiradi, insonda intizom va matonatni shakllantiradi.
Shu nuqtai nazardan, Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” shiori ostida “Kasaba uyushmasi kubogi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi start oldi.

Unda Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan 25 ta tibbiyot muassasasining 500 nafardan ortiq xodimlari ishtirok etmoqda.

Musobaqalar mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi hamda voleybol yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Mazkur bellashuvlar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviylikni mustahkamlash hamda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA