Xonobodning turizm salohiyati yuqori baholandi
Xonobod shahrida “Hanabad wellness-resort” birinchi xalqaro ekoturizm forumi bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligi, Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan forumning ochilish marosimida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, turistik ob’ektlar infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– Forum davlatimiz rahbarining joriy yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Xonobod shahrining turizm salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etishga ыaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Azizbek Maksumov. – Qolaversa, forum turizmni rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Forumda Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan, “O‘zbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan, bahavo va go‘zal tabiatga ega so‘lim Xonobod shahrining musaffo havosi, go‘zal va xushmanzara tabiati, turizm salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xonobod shahrida turizmni rivojlantirish, shaharni mamlakatimizning ekoturizm markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yangi-yangi mehmonxonalar barpo etildi. “Xonobod” sihatgohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga mo‘ljallangan mingdan ortiq dam olish uylari barpo etildi. “Fozilmon ota” ziyoratgohida sayyoh va ziyoratchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.
bugungi kunda “Layf Xonobod” investitsiya va turistik loyihasi doirasida 1-bosqichda "Voter Layf Mineral" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qadoqlangan mineral suv ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Kampirravot mahallasida bo‘sh turgan 66 gektar maydonda “Sun’iy ko‘l”, dam olish va ko‘ngilochar, ekoturistik maskanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uylar barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu kelgusida Xonobodda yiliga 1,8 million nafar sayyohning dam olishi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.
Forum ishida mamlakatimiz, shuningdek, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Germaniya singari jahonning qator davlatlaridan olimlar, professorlar, turizm sohasi ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda xalqaro ekspertlar Xonobodning turistik salohiyatiga yuqori baho berdi. Forum haqida, shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Olimlar, ekspertlar tomonidan Xonobodning turizm sohasidagi o‘ziga xos salohiyati, rivojlanish istiqbollari va imkoniyatlari ilmiy jihatdan tahlil etildi. Sohani rivojlantirish istiqbollari yuzasidan takliflar aytildi.
– Tabiati go‘zal, muayyan turistik infratuzilma shakllangan Xonobod shahrida turizmni rivojlantirish imkoniyatlar ancha yuqori ekan, – deydi O‘sh davlat universiteti turizm va agrar texnologiyalari fakulteti dekani A. Nizamiyev. – Ochig‘i, bundan 20 yil avval Xonobodda bo‘lganimda bugungiday imkoniyatlar, sharoitlar yo‘q edi. Shaharda turizmni rivojlantirishga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganligi e’tiborga molik. Ishonamanki, Xonobod yaqin yillar ichida nafaqat, O‘zbekistonning, balki Markaziy Osiyoning eng gavjum ekoturizm maskanlaridan biriga aylanadi.
“Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanovning Marhamat tumanidagi “Mingtepa” yodgorlik majmuasi haqida ma’ruzasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Muzokaralar yakunlangandan so‘ng forum ishtirokchilari Xonobod sihatgohida tashkil etilgan fito ko‘rgazma hamda chiqindilardan qayta ishlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shuningdek, Xonobod shahrining atmosfera, suv namunalarini olish va tahlil qilish bo‘yicha davlat Ekologiya qo‘mitasining mobil laboratoriyasining amaliy ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Tahlillarga ko‘ra, shahar havosi o‘ta musaffo ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari tabiatni asrab-avaylash va ekologiyani muhofaza qilish bo‘yicha “Andijon viloyati tajribasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xonobod shahrining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab infotur hamda Andijon shahridagi “Bog‘i Bobur” madaniyat va istirohat bog‘iga sayohat uyushtirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA