Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi
Saylovlarda uzoq muddatli kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga tashrif buyurgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillari Diletta Berardinelli (Italiya) hamda Vladimir Agronomov (Rossiya) viloyatimizdagi saylovga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatib bormoqda. Shu bilan bir qatorda, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etmoqda.
Kuni kecha xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan o‘quv kurslari faoliyati bilan tanishdi.


O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dolli Allayev hamda o‘quv kursi direktori Ramz Zohirov YeXHT vakillariga o‘zini o‘zi boshqarishning dunyoda o‘xshashi yo‘q shakli bo‘lgan mahalla tuzilmasi, uning iqtisodiy, ijtimoiy vazifalari, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahallalarni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumot berdi.


Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar viloyat teleradiokompaniyasida bo‘lib, saylovlarning hududiy televideniye va radioda yoritilishi bilan yaqindan tanishdi.
Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi direktori Jahongir To‘ychiyev xalqaro kuzatuvchilarga viloyatda siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun teng efir maydoni ajratilgani bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. Efir vaqti va hajmi, OAVdan bepul foydalanish tartibi viloyat hududiy saylov komissiyasining qaroriga asosan siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda belgilanganini bildirdi.



Bundan tashqari, saylov qonunchiligidagi muhim o‘zgarishlardan aholini xabardor qilish maqsadida tele va radio suhbatlar, ijtimoiy roliklar muntazam ravishda efirga berib borilayotgani alohida qayd etib o‘tildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri