“Soya” dagi tibbiyot: Jizzaxda yashirin aylanmalar fosh etildi
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va biznes uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Biroq yashirin iqtisodiyotning mavjudligi nafaqat byudjet tushumlariga, balki halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat muhitiga ham jiddiy zarba bermoqda.
Jizzax viloyatida o‘tkazilgan navbatdan tashqari tahliliy o‘rganishlar, afsuski, tibbiyot va dori-darmon savdosi sohasida “soya” dagi aylanmalar hali-hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalasi qat’iy vazifa qilib qo‘yilgan. Bu jarayonda soliq idoralari faqat nazoratchi emas, balki tadbirkorga ko‘makchi bo‘lishi lozim. Ammo o‘rganishlar ayrim “tadbirkor” shifokorlar va dorixona egalari haligacha eskicha usullardan voz kechmayotganini fosh etdi.
Raqamlardagi yashirin manzara:
- 112 ta xususiy tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan 188 nafar shifokor tomonidan xizmatlar to‘liq rasmiylashtirilmagan. Natijada 2,7 milliard so‘mlik aylanma yashirilgan.
- 79 ta korxona 128,3 milliard so‘mlik aylanma mablag‘ga ega bo‘la turib, 392 nafar xodimiga eng kam ish haqi ko‘rsatgan. Bu orqali ijtimoiy va daromad soliqlarini kamaytirishga urinilgan.
- Dori-darmon savdosida fiskal intizom bo‘shashgan: ayrim muassasalarda savdoning atigi 23 foizi chek orqali rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, manzili va ijara shartnomasi mavjud bo‘lmagan “shubhali” korxonalar hamda qimmatbaho tibbiy uskunalarga ega bo‘lsa-da, rasman “nol” daromad ko‘rsatayotgan sub’ektlar aniqlangan.
— Bizning asosiy maqsadimiz kimnidir jazolash emas, — deydi Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobir Ismoilov. — Biroq soliqdan qochish — bu nafaqat davlatga, balki o‘z vaqtida soliq to‘lab, yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan halol tadbirkorlarga nisbatan adolatsizlikdir. Bugun soliq organlarida raqamlashtirish jarayoni mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Endi har bir harakat “intellektual tahlil” tizimi orqali kuzatiladi. Biz risk-tahlil asosida ishlayapmiz: halol ishlayotganga ko‘makchimiz, ammo yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Hozirda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Soliq kodeksiga muvofiq qayta hisob-kitoblar amalga oshirilib, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, yashirin iqtisodiyot — jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradigan zanjirdir. Uni bartaraf etish uchun nafaqat qat’iy nazorat, balki tadbirkorlarda soliq madaniyatini yuksaltirish va tizimli raqamli yechimlar talab etiladi. Jizzaxdagi o‘rganishlar iqtisodiyotni “soya” dan chiqarish yo‘lida muhim va ortga qaytmas qadam bo‘lib xizmat qiladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari