Ko‘lchiyal tajribasi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani “G‘allachi” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Ko‘lchiyal qishlog‘i aholisi uzoq yillar davomida asosan chorvachilik orqali tirikchilik qilib kelgan. Hududning soyliklar va keng yaylovlardan iboratligi buning uchun qulay sharoit yaratgan edi. Biroq keyingi yillarda qishloq aholisining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi. Ular dehqonchilik sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirib, sabzavotchilikda o‘ziga xos tajriba maktabini shakllantirdi. Bugun esa ko‘lchiyalliklar yil davomida tuman bozorlarini yangi va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlab kelmoqda.
Qishloqdagi ilg‘or dehqonlardan biri G‘ayrat Ernazarov bolaligidan mehnatga chiniqqan, tajribali inson. U o‘z tomorqasida sabzi, sholg‘om, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, kartoshka kabi mahsulotlarni yetishtirib, barqaror daromad manbaini yo‘lga qo‘ygan. Mahalla faollari ko‘magida imtiyozli kredit olib, issiqxona qurgani esa uning faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qildi. Endi u yilning to‘rt faslida ham mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega.
– 4 sotix issiqxonamiz bor. Unda asosan qish mavsumida samarali ishlaymiz. Hozir 20 ming dona sabzi bozorga chiqish arafasida, – deydi G‘ayrat Ernazarov. – Har bir donasini o‘rtacha ming so‘mdan sotamiz. O‘tgan yili shu miqdordagi hosilni 20 million so‘mga realizatsiya qildik. Shuningdek, ertachi sholg‘omimiz ham tayyor. Bundan tashqari, 16 sotix yerda kartoshka yetishtiryapmiz. Umumiy hisobda 25 sotix tomorqamizning bir qarich joyini ham bo‘sh qoldirmaymiz, almashlab ekish orqali yil davomida hosil olamiz.
[gallery-28641]
Dehqonning ta’kidlashicha, birgina issiqxonadan olinadigan ertagi sabzavot hosilining o‘zi 20 million so‘mdan ortiq daromad keltiradi. Yil davomida uch marta hosil olish hisobidan umumiy daromad qariyb 200 million so‘mga yetadi.
– Shu mehnat orqali farzandlarimizni o‘qityapmiz, ro‘zg‘orimizni ta’minlayapmiz. Oilaviy mehnat qilamiz, kam bo‘lganimiz yo‘q, – deydi u.
Ko‘lchiyalliklar orasida bunday tajriba boshqalar uchun ham o‘rnak bo‘lmoqda. Masalan, Baxtiyor Jalmatov uzoq yillar mehnat muhojirligida yurgan bo‘lsa-da, keyinchalik yurtiga qaytib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Ilgari qarovsiz qolgan tomorqasini qayta tiklab, unumli foydalanishga kirishdi.
– Dehqonchilikni aslida otamdan o‘rganganman, – deydi Baxtiyor Jalmatov. – Bir necha yil xorijda ishladim, lekin kutilgan natija bo‘lmadi. Otamning maslahati bilan yurtga qaytib, yer bilan shug‘ullanishni boshladim. Hozir 18 sotix yerda kartoshka, 4 sotix parnikda ertachi sabzi va sholg‘om yetishtiryapmiz. Yana 2 sotix limonariymiz bor. Yiliga 150 million so‘mdan ortiq daromad topyapmiz.
Qishloqda suv ta’minoti muayyan qiyinchiliklar bilan kechishiga qaramasdan, aholi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Asosan artizan quduqlaridan olinadigan suv orqali ham ichimlik, ham sug‘orish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, mahalla faollari tomonidan aholiga yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, imtiyozli kreditlar ajratilishi, nasos va issiqxona qurilishiga ko‘mak berilishi natijasida dehqonchilik yanada rivojlanmoqda.
– Mahallamizda 1 ming 100 dan ortiq xonadon bor. Asosiy yo‘nalishimiz dehqonchilik va chorvachilik, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Mahmud Ajabov. – Keyingi yillarda aholining yerga munosabati sezilarli darajada o‘zgardi. Insonlar nafaqat o‘z bandligini ta’minlayapti, balki barqaror daromad manbaiga ham ega bo‘lmoqda. Birgina o‘tgan yilda 50 dan ortiq fuqaroga imtiyozli kredit ajratib berdik.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, talab va taklif muvozanati ta’minlangan joyda iqtisodiy faollik ortib, farovonlikka erishish mumkin. Ko‘lchiyal qishlog‘ida bu tamoyil amalda o‘z isbotini topmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yerga mehr va halol mehnat orqali qisqa vaqt ichida samarali natijalarga erishish mumkin. Bu Ko‘lchiyal dehqonlari hayotida o‘z ifodasini topayotgani bejiz emas.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari