Uychi ishsizlikdan holi hududga aylanadi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumanini ishsizlikdan holi hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish chog‘ida Islomobod mahallasi hududidagi “Uychi nuts” MCHJda bo‘ldi.
Mazkur jamiyatda Xitoydan olib kelinadigan yong‘oqning mag‘zi kasanachilik asosida qayta ishlanadi. Joriy yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan 700 ming AQSH dollarlik mahsulot Turkiya davlatiga eksport qilindi. E’tiborlisi, mahsulot asosan qo‘l mehnati bilan tayyorlangani bois, xotin-qizlar o‘z xonadonlarida daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Tumanda tomorqadan samarali foydalanish borasidagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi.
[gallery-18432]
3-sektor hududidagi “Soku” MFYda 3127 nafar aholi istiqomat qiladi. 824 xonadonning deyarli barchasida tomorqachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat rahbari tumanining Bo‘yog‘on mahallasida sanoat rivojini o‘rgandi.
Mahallada 16 ta tikuvchilik, 2 ta mebelchilik, 4 ta duradgorchilik sexlari, 2 ta parrandachilik, 6 ta chorvachilik kompleksi, shuningdek, pazandachilik, gulchilik yo‘nalishida tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda. Xatlovda 87 nafar migrant aniqlangan edi. Hozirda ulardan 43 nafari yurtga qaytib, bandligi ta’minlandi.
Hududdagi “Bo‘yog‘on chevarlari” MCHJ, YATT Nozimjon Hotamovga qarashli oilaviy tikuvchilik sexlarida bugungi kunda qirqqa yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Ular trikotaj mahsulotlari, mavsumiy kiyimlar tikib, mahalliy bozorga yetkazib bermoqda.
Viloyat hokimi mazkur tikuv sexlari faoliyati bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida mahalla yettiligi bilan suhbatlashib, migrantlarni qaytarish va ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u tadbirkorlar faoliyatini o‘rgandi, naslchilikni rivojlantirish istiqbolda yaxshi samara berishini ta’kidladi.
“Mahalla iftixori” loyihasi doirasida Muborak mahallasida yashovchi Davlatali Davronov xonadonida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joiz, ushbu oila farzandi Asadbek Urunov yaqinda «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA