Ustozga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Prokuratura organlarida uzoq yillar davomida halol va samarali mehnat qilib, sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shgan, yosh kadrlarni tarbiyalashda o‘zining boy tajribasi va hayotiy saboqlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan Hamro Saidovga ehtirom va e’zoz ko‘rsatish maqsadida Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda prokuratura organlarining uch avlod vakillari ishtirok etib, sohadagi ustoz-shogird an’analarining bardavomligi, katta avlodga hurmat va e’tibor kabi yuksak qadriyatlar yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori hamda Buxoro viloyati prokurorining tabriklari yetkazildi. Unda Hamro Saidovning ko‘p yillik fidokorona xizmati, yuksak kasbiy mahorati, adolat va qonuniylikni ta’minlash yo‘lidagi mehnati, shuningdek, yosh xodimlarni tarbiyalashdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Faxriy ustozga yuksak ehtirom ramzi sifatida “Fidoyi murabbiy” ko‘krak nishoni topshirildi, milliy an’analarimizga xos to‘n kiydirildi. Bu e’tirof ustozning ko‘p yillik mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Bunday ezgu tadbirlar keksa avlod vakillariga ehtirom ko‘rsatish, ularning hayot yo‘li va boy tajribasini yoshlarga ibrat sifatida yetkazish, kasbga sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.