UrDUda yangi bino
Urganch davlat universitetida zamonaviy tipda barpo etilgan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Xorazm viloyatining ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohalarining taniqli vakillari, universitet ilmiy kengashi a’zolari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, mazkur binoning universitet hayoti, ta’lim sifati, ilmiy salohiyat hamda yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlardagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Universitet jamoasini yangi bino bilan samimiy muborakbod etdi.
Yangi o‘quv binosi 8 qavatdan iborat, 1800 o‘ringa mo‘ljallangan. Mazkur bino universitetning 9-o‘quv binosi bo‘lib, unda “Intellektual ilmlar va texnologiyalar” fakulteti faoliyat yuritadi.
[gallery-31247]
O‘quv binosi talaba-yoshlarning ilg‘or texnologiyalar asosida bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy IT- yo‘nalishlarida sifatli ta’lim olishi, ilmiy-tadqiqot olib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
– Eng muhimi, yangi ta’lim maskani zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter ilmlari va IT- yo‘nalishlari, xususan, binoda joylashgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi asosida sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi, – deydi universitet rektori Feruza Madrahimova. – Bu maskanda ta’lim oladigan yoshlar ertangi kunning dasturchilari, muhandislari, olimlari va innovatorlari. Ular Yangi O‘zbekistonning raqamli taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yangi o‘quv yili arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu yangi bino universitet hayotidagi navbatdagi katta qadam, ta’lim va ilm-fan kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari