AQSH va Kanadadagi o‘zbek diasporasining ilk milliy qurultoyi o‘tkazildi
Yaqinda Filadelfiya shahrida AQSH va Kanadada faoliyat yuritayotgan o‘zbek diasporasi tashkilotlari rahbarlari va faollarini bir maydonda jamlagan tarixiy voqea – millatimiz diasporasining birinchi milliy qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
“Vatan Global Alliance” jamiyati mezbonlik qilgan ushbu nufuzli anjumanda yurtimizning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi xodimlari, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarining turli hududlaridan hamda Kanadadan kelgan xalqimiz jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tarixiy uchrashuvning asosiy maqsadi – AQSH va Kanadadagi vatandoshlar o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlash, diaspora tashkilotlari faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish, milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash, yosh avlodning o‘lkamiz bilan ma’naviy va madaniy aloqalarini kuchaytirish hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbus va loyihalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Yig‘in avvalida O‘zbekiston Respublikasining Qo‘shma Shtatlardagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov so‘zga chiqib, AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz – Otabek Mahkamovning “Mardlik” ordeni, Nilufar Qahhorova va Nodira Yo‘ldashevaning “Salomatlik” ordenlari bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Shuningdek, diplomatimiz vatandoshlarni birlashtirish, diaspora tashkilotlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va diyorimiz bilan aloqalarni yanada rivojlantirishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Tadbir davomida AQSH va Kanadada faoliyat yuritayotgan qator diaspora tashkilotlari rahbarlari ham o‘z faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, mavjud masalalar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Xususan, Xalqaro Turon federatsiyasi prezidenti Farruh Niyazimbetov o‘z nutqida Mustaqillikning 35 yilligi arafasida mazkur federatsiyaga a’zo davlatlar soni 35 taga yetganini ta’kidlab, buni Turon yakkakurashining xalqaro miqyosda kengayib borayotganining muhim ko‘rsatkichi sifatida qayd etdi. Shuningdek, u 2027-yilda AQSHning Ohio shtatida bo‘lib o‘tadigan nufuzli “Arnold Sports Festival” doirasida ilk bor O‘zbekiston milliy sport turlaridan biri – Turon yakkakurashi bo‘yicha musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
E’tiborlisi, ushbu xalqaro sport maydoni nafaqat Turon yakkakurashini dunyoga kengroq tanitish, balki Vatanimizning boy milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish uchun ham muhim imkoniyat yaratadi.
Aytish joizki, ushbu anjuman nafaqat hamkorlik masalalari muhokama qilingan uchrashuv, balki AQSH va Kanadadagi o‘zbek diasporasi faoliyatida yangi bosqichni boshlab bergan tarixiy muloqot maydoni bo‘ldi, deyish mumkin.
Ravshanbek Almatov,
Xalqaro Turon federatsiyasi vitse-prezidenti