O‘zbekistonda yangi avlod uchuvchilari tayyorlanadi
Toshkent davlat transport universitetida mamlakatimiz aviatsiya ta’limini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standartlarga mos yuqori malakali uchuvchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda aviatsiya sohasining barqaror rivoji, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, xalqaro talablarga javob beradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda uchuvchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda Toshkent davlat transport universiteti, «Uzbekistan Airways» AJ hamda Sloveniya Respublikasining «Egmont Aviation» uchuvchilar tayyorlash maktabi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida uchuvchilar tayyorlash yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni izchil rivojlantirish, ta’lim jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil etish hamda bo‘lajak mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Xususan, xalqaro tajriba va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish, uchuvchilar tayyorlashning zamonaviy modelini shakllantirish, nazariy bilimlarni amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zamonaviy aviatsiya mutaxassisini tayyorlashda nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Bo‘lajak uchuvchi zamonaviy havo kemalarini boshqarish, parvoz xavfsizligi talablariga rioya qilish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va xalqaro aviatsiya qoidalari asosida ishlash bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishi lozim. Shu bois uchrashuvda ta’lim va amaliy tayyorgarlikni o‘zaro uyg‘unlashtirish masalasi muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Shuningdek, uchuvchilar tayyorlash jarayonini ta’lim muassasasi — aviakompaniya — xalqaro aviatsiya maktabi hamkorligi asosida tashkil etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Bunday yondashuv talabalarning o‘qish jarayonidayoq sohaning amaliy talablari bilan yaqindan tanishishi, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishi va xalqaro tajribaga ega bo‘lishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv doirasida talabalar uchun xalqaro darajadagi ta’lim va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy aviatsiya ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda sohadagi zamonaviy yondashuvlarni milliy ta’lim tizimiga joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA