Uch nafar farzandning onasiga aliment o‘rniga xonadon berildi
Farzandlar ta’minoti va kelajagi uchun mas’uliyatni his etish, ularning munosib sharoitda ulg‘ayishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Andijon shahrida aliment to‘lovlari bilan bog‘liq ijro ishi doirasida ota uch nafar voyaga yetmagan farzandining kelajagini o‘ylab, aliment o‘rniga xonadonni ularning onasi nomiga rasmiylashtirib berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 2021-yil 17-sentabrdagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor D.Sh.dan undiruvchi D.B. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati yuzasidan tegishli ijro harakatlari olib borilib, aliment to‘lovlari undirib kelingan. Qarzdor D.Sh. esa 96 million so‘m aliment to‘lovlarini amalga oshirish bilan birga, farzandlarining kelajagi uchun uzoq muddatli va barqaror yechimni taklif etdi.
Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgach, D.Sh. uch nafar farzandi voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment pullari o‘rniga Andijon shahrining 1-kichik dahasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan ikki xonali xonadonni undiruvchi D.B. nomiga rasmiylashtirib berdi.
Mazkur kelishuv farzandlarning kelajagi va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan amaliy qadam bo‘ldi. Zero, bolalarning moddiy ta’minoti bilan bir qatorda, ularning barqaror yashash muhitiga ega bo‘lishi ham muhim.
Hamroz Bayonov, O‘zA