Turkiy davlatlarning yoshlar siyosatida yangi qadam
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi «Ak-Keme» mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning yoshlar va sport masalalariga mas’ul vazirlarining yubiley 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev raisligida o‘tgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston delegatsiyalari hamda TDT Bosh kotibi o‘rinbosari Nuri Guliyev ishtirok etdi.
Yurtimizdan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan tadbirda qo‘shma yoshlar dasturlarini amalga oshirish, TDTning Yoshlar platformasini yanada rivojlantirish, shuningdek, 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar va sport tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, O‘zbekistonning 2026-yilda Xiva shahri — turkiy dunyo yoshlar poytaxti tashabbusi e’tirof etilib, ushbu loyiha 2027-yilda Manas shahrida (Qirg‘iz Respublikasi) o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma dastur hamda ekstremizm va radikal mafkuraga qarshi harakatlar rejasi loyihasi muhokama qilinib, tomonlarning takliflari navbatdagi yig‘ilishga qadar taqdim etilishiga kelishib olindi.

Qayd etilganidek, ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida bildirilgan edi. Mazkur yig‘ilish turkiy davlatlar o‘rtasida yoshlar siyosati va sport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda umumiy tashabbuslarni amaliy natijalarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA