“Gashish” narkotik moddasini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Andijon viloyatida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Paxtaobod tumanida yashovchi, 1988 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ular 1 kilogramm 971 gramm gashish moddasini shartli xaridorga 18 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qo‘lga olish jarayonida gumonlanuvchilar tezkor xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, voqea joyidan qochishga uringan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA