“Turon” teatr tanlovi yosh iste’dodlarni bir sahnada jamladi
Yoshlar o‘rtasida san’at va adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, sahna madaniyatini rivojlantirish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda qator madaniy-ma’rifiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri — “Turon” teatr tanlovidir.

Joriy yilning 25–26-mart kunlari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatrida mazkur tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir nafaqat san’at bayrami, balki yosh iste’dodlar uchun o‘z mahoratini keng jamoatchilikka namoyon etish, sahna tajribasini boyitish imkonini beruvchi muhim ijodiy maydonga aylandi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan tanlov “Teatr – ibratxonadir” shiori ostida o‘tkazildi. Unda yoshlarning sahnadagi ijodiy yondashuvi, aktyorlik mahorati, badiiy tafakkuri va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish asosiy maqsad etib belgilangan.

Tanlovning hududiy bosqichlarida saralangan eng kuchli jamoalar respublika sahnasida o‘z iste’dodini namoyish etdi. Bu yilgi bosqichda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 14 ta teatr jamoasi ishtirok etdi. Shuningdek, 5 ta “Zamin Creative” inklyuziv teatr studiyasi jamoalari ham sahnaga chiqib, o‘ziga xos ijodiy chiqishlari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozondi.

Ishtirokchilar tomonidan sahnalashtirilgan asarlarda jamiyatdagi dolzarb masalalar, insoniy qadriyatlar, mehr-oqibat, vatanparvarlik va yoshlarning orzu-intilishlari badiiy ifodasini topdi. Har bir chiqish tomoshabinlarga chuqur taassurot qoldirib, teatr san’atining tarbiyaviy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

“Turon” teatr tanlovi yoshlarning iste’dodini kashf etish, ularni san’atga oshno etish va sahna madaniyatini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday loyihalar orqali yangi avlod ijodkorlari kamol topib, milliy teatr san’atining rivojiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
M.Hojiakbarova, O‘zA