Tuproq sifatini yaxshilash: o‘lchash, nazorat qilish va boshqarish
5 dekabr — Butunjahon tuproq kuni
Hayotning eng muhim manbalaridan biri tuproq va suvdir. Boisi biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatning 95 foizi tuproqdan unib o‘sadigan mahsulotlardan tayyorlanadi.
Yer yuzidagi iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati natijasida tuproq degradatsiyasi yuzaga keldi. Bu suv resurslariga haddan tashqari bosimni keltirib chiqardi va tuproq eroziyasi kuchayib, uning suvni saqlash, drenajlash va filtrlash qobiliyati o‘zgardi. Bu esa insoniyat hayotining barcha jabhalarida suv tanqisligini kuchaytiradi.
5 dekabr – Butunjahon tuproq kuni! Bu kunda tuproq sifati va resurslarini barqaror boshqarish muhimligi haqida xabardorlikni oshirish maqsadida nishonlanadi.
Butunjahon tuproq kunini rasmiy tashkil etish uchun 2002 yilda Xalqaro tuproqshunoslik ittifoqi tomonidan shu kun tavsiya etilgan. Shuningdek, Tailand qirolligi rahbarligi hamda Global tuproq hamkorligi va BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mazkur global platformani qo‘llab-quvvatlagan.
FAO konferensiyasi 2013 yil iyun oyida Butunjahon tuproq kunini nishonlashni bir ovozdan ma’qullab, BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida uni rasmiy tasdiqlashni so‘ragan.
Bu kun har yili dolzarb muammodan kelib chiqib, ma’lum bir mavzuda nishonlanadi. Bu yilgi Butunjahon tuproq kunining mavzusi — «Tuproq sifatini yaxshilash: o‘lchash, nazorat qilish va boshqarish».
Darhaqiqat, yurtimizning har qarich tuprog‘ini, undan unib chiqayotgan ne’matlarni qadrlab yashash barchamiz uchun muhimdir.
A.RUSTAMOV, O‘zA