Transport integratsiyasi mintaqaviy hamkorlik omili sifatida: Toshkent va Dushanbe aloqalarining yangi ufuqlari
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi transport va logistika sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashib, Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiyani kuchaytiruvchi muhim omillardan biriga aylandi.
Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi transport aloqalari nafaqat savdo hajmini oshirish, balki mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirish va yangi xalqaro transport koridorlarini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynamoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 718,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 22,5 foizga oshgan bo‘lib, ikki davlat iqtisodiy aloqalarining barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 1 milliard dollardan oshirish, uzoq muddatli istiqbolda esa 2 milliard dollarga yetkazish strategik maqsad sifatida belgilandi.
Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar rivojida transport infratuzilmasining modernizatsiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda yuk tashish hajmi ham barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasida temir yo‘l, avtomobil va aviatsiya transporti orqali amalga oshirilgan umumiy yuk tashish hajmi 12,7 foizga oshib, 11,12 million tonnani tashkil etdi. Ushbu hajmning asosiy qismi — 9,66 mln tonnasi (87 foizi) O‘zbekiston hududi orqali o‘tuvchi tranzit tashuvlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 2025-yilda 868 ming tonna eksport va 594 ming tonna import amalga oshirilib, avtomobil transporti orqali tashilgan yuk hajmi 2,28 million tonnaga yetgan.
Yuk tashuvlarining asosiy qismi temir yo‘l hissasiga to‘g‘ri kelib, umumiy yuk hajmining 80 foizini tashkil etadi. 2026-yil fevral oyida ikki davlat temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida erishilgan muhim kelishuvga ko‘ra, chegara punktlarida kuniga oltidan ortiq juft yuk poyezdlarini qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Bu qaror yuk tashish hajmini oshirish, chegara punktlarida vagonlarni qayta ishlash jarayonini tezlashtirish va logistika tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Shu maqsadda O‘zbekiston temir yo‘llari tomonidan ayrim yuklar uchun 60 foizgacha tarif chegirmalari taqdim etilmoqda. Avtomobil transportida ham izchil chora-tadbirlar ko‘rilib, ko‘mir va tuz tashuvchi transport vositalari yo‘l yig‘imlaridan ozod etilgan.
2025-yil dekabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan Qo‘shma komissiya yig‘ilishida «Jartepa» (O‘zbekiston) – «Sarazm» (Tojikiston) chegara o‘tkazish punktining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, ruxsatnoma blankalarini elektron tizimga o‘tkazish hamda Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston multimodal transport koridori orqali pilot tashuvlarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Transport hamkorligining muhim yo‘nalishi bo‘lgan aviatsiya sohasida esa Toshkent va Dushanbe o‘rtasida haftasiga 8 ta muntazam reys amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan mintaqaviy jozibadorlikni oshirish va Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarini rivojlantirish maqsadida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa (5 430 km) xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ushbu yo‘nalishning O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston koridori bilan uyg‘unlashtirilishi Xitoyning g‘arbiy viloyatlarini Hind okeani portlari bilan bog‘laydigan yangi strategik yo‘lakni shakllantirishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi transport va logistika sohasidagi hamkorlik bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Temir yo‘l, avtomobil va aviatsiya transportidagi aloqalarning kengayishi ikki mamlakat iqtisodiy integratsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
D. Ibragimova,
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi bo‘lim boshlig‘i
O.Abdusamatov,
Markaz yetakchi mutaxassisi