Biznesni rivojlantirish bankitomonidan 10 trillion 380 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2025-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan loyihalar bank xizmatlarini zamon talablariga moslashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining asosiy tayanch banklaridan biri sifatida iqtisodiyot tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda.
– 2026-yil 1-yanvar holatiga bankning umumiy kapitali 5,27 trillion so‘mga yetdi, – deydi Biznesni rivojlantirish banki Strategiya bosh direktori Baxtiyor Rahmatov. – Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 25 foizga o‘sishni ko‘rsatadi. Bank aktivlari ham o‘sishda davom etib, 38 trillion 167 milliard 731 million so‘mni tashkil qildi. Bu 2024-yilga nisbatan 18,8 foizga ko‘pdir.Daromad keltiruvchi aktivlar 32 trillion 184 milliard 800 million so‘mga yetdi va ularning bank jami aktivlaridagi ulushi 84,3 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, depozit bazasi 41,6 foizga o‘sib, depozitlar qoldig‘i 15 trillion 241 milliard 180 million so‘mga yetdi. Shundan 4 trillion 197 milliard 471 million so‘mi jismoniy shaxslar omonatlariga to‘g‘ri keladi. 2025-yilda bank tomonidan jami 10 trillion 380 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mablag‘lar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qildi. Natijada bankning kredit qo‘yilmalari 24 trillion 551 milliard 958 million so‘mga yetdi. Bu esa 2024-yilga nisbatan 8,9 foizga o‘sishni anglatadi.
[gallery-28370]
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra bank mijozlari soni 1 million 865 ming 608 nafarga yetdi. Shundan 1 million 768 ming 254 nafari jismoniy shaxslar, 97 ming 354 nafari yuridik shaxslar hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2026-yil 1-yanvar holatiga bankning xizmat ko‘rsatish ofislari soni 76 tani tashkil etdi. Shuningdek, mijozlarga 156 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari, 198 ta valyuta ayirboshlash shoxobchalari va 327 ta 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar orqali xizmat ko‘rsatilmoqda.
– “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida 7 601 nafar tadbirkorga 820 milliard so‘m kredit ajratildi, – deydi bankning Strategik rivojlantirish departamenti direktori Ozoda Shukurova. – Buning natijasida 7 ming 809 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bankka biriktirilgan 610 ta mahallada 2025-yil davomida 5 trillion 215 milliard so‘m kredit ajratildi. Natijada 262 ming 293 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Shundan 97 ming 328 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 164 ming 965 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb qilindi. “Sayxunobod tajribasi” asosida 6 ming 689 ta moliyaviy paket shakllantirildi. 28 ming 12 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 704 milliard so‘m kredit ajratildi. Buning natijasida 57 ming 604 nafar aholining doimiy bandligi ta’minlandi.
“Uychi tajribasi” doirasida 1 ming 368 ta uchrashuv o‘tkazildi. 5 ming 620 ta murojaat hal qilindi va 8 ming 688 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Ayol tadbirkor” kredit mahsuloti doirasida 1 ming 530 nafar tadbirkor ayolga 192,4 milliard so‘m kredit ajratildi. Buning natijasida 2 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Umuman olganda, 2025-yilda 6 919 nafar fuqaroga 1 trillion 892 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Jumladan, 3 ming 39 nafar fuqaroga 909,5 milliard so‘m subsidiyali ipoteka kreditlari taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ipoteka kreditlari o‘tgan yilga nisbatan 202 foizga oshgani qayd etildi. Shuningdek, tadbirda bankning 2026-yildagi ustuvor vazifalari ham belgilab berildi. Unda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion xizmatlarni joriy etish va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA