Namanganda yoshlar bilan ochiq muloqot: imkoniyat va natija
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat strategiyasining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 24-fevraldagi yoshlar bilan uchrashuvida har payshanba — «Yoshlar kuni» deb e’lon qilinishi navqiron avlod vakillari uchun o‘z iqtidorini namoyon etish va yangi tashabbuslarini ilgari surishda muhim platforma yaratdi. Ushbu tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan viloyatida tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqot yoshlarning istiqbolli biznes loyihalarini o‘rganish va qo‘llab-quvvatlashda o‘ziga xos maydonga aylandi.
Viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan 2870 nafar talaba ishtirok etgan mazkur tadbirda “O‘zmilliybank” AJ rahbariyati tomonidan yoshlarning yangi g‘oya va startap loyihalari atroflicha tinglandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi yigit-qizlarga bank imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berilib, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
–Yanvar-fevral oylarida universitetimizning 35 nafar talabasi “Kelajakka qadam” dasturi bo‘yicha o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, – deydi Namangan davlat texnika universiteti rektori Oybek Ergashev. – Bank stavkasi eng minimal 15 foiz etib belgilangani yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Universitetimizda “O‘zmilliybank” AJning filiali tashkil etilgan bo‘lib, keyingi bir hafta mobaynida talabalar 100 dan ziyod loyiha taqdim etishdi. Bu yo‘nalishdagi ishlar jadal davom etmoqda.
[gallery-28369]
Quvonarlisi, muloqot davomida qizlar ham o‘z faolligini ko‘rsatdi. Masalan, talaba Dilobar Boyxonova xususiy maktab ochish istagini bildirib, bank mutasaddilaridan ijobiy javob oldi.
–Uchrashuvda men ham o‘z taklifimni bildirdim, – dedi Dilobar. – Xususiy maktab ochish niyatidaman va buning uchun sarmoya kerak edi. Mutaxassislar past stavkada 20 milliondan 10 milliard so‘mgacha kredit olish mumkinligini aytishdi. Bundan juda xursand bo‘ldim.
Tadbirda nafaqat yangi boshlayotganlar, balki allaqachon muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar ham o‘z tajribalarini so‘zlab berdi. Jumladan, chortoqlik tadbirkor Begzod Turg‘unov bank ko‘magi bilan erishgan yutuqlarini alohida qayd etdi.
–Men ham o‘qishni bitirib, xususiy o‘quv markazimni ochgan edim, dedi Begzod. – Hozirgi kunda 5 mingga yaqin yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatyapmiz va 150 ga yaqin kishini ish bilan ta’minladim. Bularning barchasi biz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning amaldagi samarasidir.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, talabalar tomonidan jami 41 ta murojaat va 22 ta taklif bildirildi. “Talaba invest” dasturi bo‘yicha 17,2 milliard so‘mlik 4 ta loyiha, “Tadbirkorlikka ilk qadam” yo‘nalishida esa 900 million so‘mlik 45 ta loyiha ma’qullandi. Shuningdek, “Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida 21 milliard so‘m resurs ajratilishi haqidagi xabarlar yoshlar uchun yangi ufqlarni ochdi.
Xulosa qilib aytganda bu kabi ochiq muloqotlar yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni vatanimiz ravnaqi yo‘lida yangi marralarga ruhlantirmoqda. Davlat va bank tizimi tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va moliyaviy ko‘mak yaqin kelajakda o‘z mevasini berib, yurtimizda bilimli va ishbilarmon yoshlar qatlamining yanada kengayishiga xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati