Toshkentda sun’iy ko‘llar: shahar ekologiyasi va dam olish maskanlari yangilanmoqda
Toshkentda shaharsozlikda yangi bosqich boshlandi. Aholiga qulaylik, ekologik tozalik va xavfsiz muhit yaratish uchun poytaxtda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida aholiga qulaylik yaratish, ekologik tozalik va xavfsiz muhitni ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir. Obodonlashtirish ishlari natijasida shaharliklar va poytaxt mehmonlari uchun zamonaviy jamoat maskanlari bunyod etilmoqda. Bunda daraxtlarni saqlab qolish, ekologik talablar va qonunlarga rioya etish har bir bosqichning muhim shartidir.
Bugungi kunda Toshkentning barcha tumanlarida sun’iy ko‘llar barpo etish tashabbusi boshlangan. Buning bir qator muhim afzalliklari bor: suv havzalari salqinlik va estetik zavq bag‘ishlash bilan birga, yer osti suvlarining to‘planib qolmasligiga, pastlikda joylashgan hududlarning zaxlanishining oldini olishga hamda drenaj tizimlarining samarali ishlashiga xizmat qiladi. Ayni shunday loyihalardan biri Sergeli tumanining Qumariq mahallasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida 5 gektar umumiy yer maydoni ajratilgan bo‘lib, shundan 17 ming kvadrat metri sun’iy suv havzasiga tegishli. Qolgan hududda bolalar maydonchalari, shiyponlar va barbekyu zonalari joylashadi. Shuningdek, quyosh panellari, suvni tozalash va ozonlash tizimlarini o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan.
Loyiha muhandisi Muhiddin Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘lning suv manbai 30 metr chuqurlikdagi yer osti quduqlari bo‘ladi, chunki hududda kanal va suv oqimlari mavjud emas. Suv sathini nazorat qilish uchun avtomatik uskunalar o‘rnatiladi. "Bu yerda bolalar maydonchasi, ayvonchalar, yugurish va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar barpo etiladi", — deydi muhandis. Olib borilgan geologik tadqiqotlar ushbu yer maydonining loyihani amalga oshirishga to‘liq mos kelishini tasdiqladi. Ayni paytda asosiy ishlarning 30 foizdan ortig‘i bajarilgan. Hozirda konstruksiyani armaturalash va mustahkamlash, shuningdek, tirgak devorini hosil qilish ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy yilning noyabr oyiga qadar devorning 800 metrga yaqin qismini yakunlash va suv havzasi tubidan tuproqni to‘liq chiqarib olish rejalashtirilgan. Butun ob’ekt qurilishini yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallanmoqda.

Bu suv havzasi changni kamaytirish, havoni namlantirish va atrof-muhit uchun yanada qulay mikroiqlimni shakllantirishga xizmat qiladi. Kelgusida bu yer aholining dam olishi, sayr qilishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun sevimli maskanga aylanadi. Qurilish ishlari doimiy nazorat ostida olib borilmoqda, aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.

Ushbu loyihalar estetik ko‘rinishdan tashqari, yer osti suvlarini tartibga solish, drenaj tizimlarini yaxshilash va mikroiqlimni mo‘’tadillashtirish orqali ekologik muhitni sezilarli darajada yaxshilaydi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA