Samarqand tarjimashunoslik maktabiga asos solgan olim
Samarqand qadimdan Sharq ilm-fani, adabiyoti va madaniyatining muhim markazlaridan biri sifatida shakllangan. Hozirda ham mazkur ilmiy an’ananing filologik yo‘nalishlari tilshunoslik, adabiyotshunoslik, qiyosiy tadqiqot va tarjimashunoslik bilan uzviy aloqada rivojlanib kelmoqda. Ana shu jarayonda professor Ibodulla Mirzayevning ilmiy va pedagogik faoliyati alohida e’tiborga loyiq. 2026-yilda Sergey Nikolayevich Ivanovning “O‘zbek tili sintaksisi bo‘yicha ocherklar” asarining olim I.Mirzayev tarjimasida nashr etilishi mazkur ilmiy-tarjimaviy faoliyatning muhim namunalaridan biridir.
Kitobda tarjimonning ilmiy-biografik kirish so‘zi berilgan bo‘lib, unda Ivanov merosining turkiyshunoslik, o‘zbekshunoslik, tarjimashunoslik va adabiyotshunoslik bilan bog‘liqligi yoritiladi. Manbada olimning tarjimon sifatidagi vazifasi ilmiy matnni boshqa tilga ko‘chirish bilangina cheklanmasdan, undagi nazariy qarashlarni o‘zbek ilmiy tilida qayta ifodalash bilan bog‘liq ekani alohida ta’kidlangan. Ilmiy maktab tushunchasi faqat bir olimning individual faoliyati bilan belgilanmaydi. U muayyan metodologik tamoyillar, tadqiqot an’analari, ilmiy rahbarlik, shogirdlar faoliyati, nashriyot va ilmiy muloqot tizimi orqali shakllanadi. Shu nuqtai nazardan, I.Mirzayev faoliyatini Samarqand tarjimashunoslik maktabining shakllanishi bilan bog‘lash uchun uning tarjimonlik amaliyoti bilan bir qatorda, ilmiy-tashkiliy va pedagogik faoliyatini ham hisobga olish lozim.
Professor Ibodulla Mirzayev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ilmiy tarjima” laboratoriyasida o‘ndan ortiq (PhD) dissertatsiyalar himoya qilingani, kafedrada fan va tarjima bilan bog‘liq ilmiy faoliyat tizimli davom etayotganini ko‘rsatadi. Olim tarjimasining eng muhim jihatlaridan biri ilmiy terminologiya bilan ishlash tamoyilidir. S.N.Ivanov asarining o‘zbekcha nashriga yozilgan “Tarjimondan” qismida rus tilidagi sintaktik terminlarni o‘zbek tilining ichki qonuniyatlari va mavjud terminologik an’analar bilan uyg‘unlashtirish zarurati qayd etiladi. Ayrim terminlarning bevosita ekvivalenti mavjud bo‘lmaganda semantik jihatdan mos muqobil yoki izohli tarjima usulidan foydalanish zarurligi ko‘rsatilgan.
Bu yondashuv tarjimashunoslik nuqtai nazaridan juda muhim. Chunki ilmiy matnda termin oddiy lug‘aviy birlik emas, balki muayyan nazariy tushunchaning nomidir. Termin noto‘g‘ri yoki yuzaki tarjima qilinsa, butun ilmiy konsepsiyaning mazmuni buzilishi mumkin. Shu sababli I.Mirzayev tajribasida tarjimon bir vaqtning o‘zida tilshunos, terminolog va ilmiy muharrir vazifalarini bajaradi. Manbada tarjimon original matnning ilmiy uslubi, mantiqiy izchilligi va terminologik aniqligini saqlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagani ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, o‘zbek tilining tabiiy nutq me’yorlarini ta’minlash uchun ayrim jumlalar qayta tuzilgan, murakkab sintaktik qurilmalar soddalashtirilgan yoki izohlar bilan boyitilgan.
Professor I.Mirzayev tarjimasida qiyosiy yondashuv alohida ahamiyat kasb etadi. Ivanov tadqiqotining o‘zi o‘zbek va boshqa turkiy tillar sintaksisini qiyosiy o‘rganishga tayangan. Tarjimon esa mazkur ilmiy konsepsiyani o‘zbek tiliga ko‘chirish jarayonida rus tilshunosligi terminlari bilan o‘zbek tilshunosligi an’analarini muvofiqlashtiradi. Natijada tarjima ikki til o‘rtasidagi lingvistik moslikni emas, ikki ilmiy an’ana o‘rtasidagi metodologik muloqotni ham ta’minlaydi. Manbada rus tilshunosligidagi kesimlik, bosh va ikkinchi darajali gap bo‘laklari kabi nazariy tushunchalarni o‘zbek sintaktik tizimi bilan uyg‘unlashtirish tarjimondan qiyosiy tahlil va ilmiy moslashtirish ko‘nikmasini talab qilgani ta’kidlanadi.
Shu jihatdan tarjima jarayoni chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik kesishgan nuqtada yuzaga keladi. Manbada S.N.Ivanovning tarjimonlik faoliyati turkiy xalqlar adabiy merosini boshqa ilmiy-madaniy makonga olib kirgan vosita sifatida baholanadi. Xususan, uning Alisher Navoiy ijodini, jumladan “Hazoyin ul-maoniy”ni tarjima qilishdagi faoliyati badiiy-estetik mazmun, obrazlar tizimi, aruz, poetik timsollar va Sharq she’riyatining nozik ma’nolarini qayta yaratish masalalari bilan bog‘lanadi.
Professor I.Mirzayevning ilmiy tarjimonlik tajribasi ham aynan shu keng qamrovli yondashuv bilan tavsiflanadi. Samarqand davlat universitetining rasmiy sahifasida u E.Bertels, E.Lotman, L.Shcherba, S.Karsevskiy, S.Ivanov, V.Gak va boshqa olimlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgani, shuningdek, rus va jahon adabiyoti vakillarining asarlaridan tarjimalar amalga oshirilgani qayd etilgan. Demak, uning tarjimonlik faoliyati ikki asosiy yo‘nalishni – ilmiy tarjima va badiiy tarjimani birlashtiradi.
Bu ikki yo‘nalish tutashuvi Samarqand tarjimashunoslik maktabining o‘ziga xos jihatlaridan biri sifatida ko‘rinadi. Badiiy tarjimada she’riy va nafosat mezonlariga moslik talab qilinsa, ilmiy tarjimada tushuncha hamda atamalarning aniq muqobilligi talab etiladi. Har ikkala holatda ham matnni chuqur idrok etish, milliy-madaniy muhitni anglash va ona tilining barcha boyliklaridan unumli foydalana olish zarur.
Olimning tarjimashunoslikdagi o‘rnini faqat tarjima qilingan asarlar soni bilan baholash yetarli emas. Uning faoliyatida tarjimonlik, ilmiy tadqiqot, pedagogik rahbarlik va ilmiy tashkilotchilik bir tizimda namoyon bo‘ladi. Shu sababli “Samarqand tarjimashunoslik maktabi” tushunchasini olim I.Mirzayevning shaxsiy tarjimonlik mahoratidan kengroq, ilmiy an’ana, metodologiya, shogirdlar maktabi, tarjima laboratoriyasi, ilmiy nashrlar va xalqaro ilmiy aloqalar majmuasi sifatida talqin qilish maqsadga muvofiq.
Manbalar asosida Samarqand tarjimashunoslik maktabining I.Mirzayev faoliyati bilan bog‘liq quyidagi tamoyillarini ajratish mumkin: birinchidan, manba matnining ilmiy konsepsiyasiga sodiqlik; ikkinchidan, terminologik ekvivalentlik va izchillik; uchinchidan, tarjima tilining tabiiy me’yorlarini saqlash; to‘rtinchidan, qiyosiy-lingvistik tahlil; beshinchidan, matnning milliy-madaniy kontekstini hisobga olish; oltinchidan, tarjimani ilmiy tadqiqot va pedagogik faoliyat bilan uyg‘unlashtirishdir. Bu tamoyillar S.N.Ivanov asari tarjimasida, ayniqsa, yaqqol ko‘rinadi. Tarjimon ilmiy matnning mantiqiy tuzilishini saqlash bilan birga, o‘zbek tilida tabiiy va tushunarli ifodani ta’minlashga intilgan.
Bu esa “so‘zma-so‘z” va “erkin tarjima” o‘rtasidagi oddiy qarama-qarshilikdan ko‘ra murakkabroq, ya’ni ilmiy mazmunni saqlagan holda ilmiy nutq shaklini yaratishga asoslangan yondashuvdir. Mazkur maktabning ahamiyati, avvalo, o‘zbek ilmiy tilining imkoniyatlarini kengaytirish bilan belgilanadi. Chet tilidagi nazariy asarlar o‘zbekchaga tarjima qilinar ekan, yangi terminlar, nazariy kategoriyalar va ilmiy ifoda shakllari milliy ilmiy muhitga kirib keladi. Bu jarayon o‘zbek tilining ilmiy-uslubiy imkoniyatlarini boyitish bilan birga, mutaxassislarning xorijiy ilmiy maktablar bilan bevosita muloqotini ham kuchaytiradi.
Tarjima va qiyosiy filologiya doimo bir-biriga tayanadi. Professor I.Mirzayev Yevropa (G‘arb) va rus tilshunosligidagi zamonaviy lingvistik nazariyalarni (strukturalizm, semiotika, germenevtika, diskurs tahlili) hamda turkiy tillar tajribasini o‘zbek ilmiy muhitiga olib kirdi va ularni milliy va xalqaro tadqiqot metodologiyasiga moslashtirdi. Tarjima maktabining barqarorligi faqat alohida tarjimalar bilan emas, balki keyingi avlod tadqiqotchilarining ilmiy qarashlari va amaliy ko‘nikmalarida davom etadi.
Samarqand ilmiy-filologik muhitida tarjimashunoslikning alohida yo‘nalish va tizimli ilmiy-tadqiqot sohasi sifatida qaror topishi hamda uning metodologik asoslari boyishida professor I.Mirzayevning tarjimaviy va ilmiy merosi alohida o‘ringa ega. Uning faoliyatini “Samarqand tarjimashunoslik maktabi” bilan bog‘lashga asos bo‘ladigan jihatlar – tarjima laboratoriyasining tashkil etilishi, ilmiy va badiiy asarlarning muntazam tarjima qilinishi, tarjima bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlanishi, qiyosiy tilshunoslik va tarjimashunoslikning o‘quv-ilmiy yo‘nalish sifatida rivojlantirilishi hamda ilmiy nashrlar va xalqaro aloqalarning yo‘lga qo‘yilganidir. S.N.Ivanovning “O‘zbek tili sintaksisi bo‘yicha ocherklar” asari tarjimasi esa mazkur maktabning ilmiy tarjima tamoyillarini aniq ko‘rsatadigan zamonaviy namunasidir. Unda terminologik aniqlik, konseptual tafakkur, qiyosiy tahlil va o‘zbek ilmiy nutqining tabiiyligi uyg‘unlashgan.
Sohada olib borilayotgan fundamental tadqiqotlar ko‘lami kengayib borayotgan hozirgi bosqichda navoiyshunoslikda nisbatan yangi, ammo amaliy ahamiyati beqiyos bo‘lgan muhim bir yo‘nalish shakllandi. Nazariy va amaliy mezonlari tobora ravshanlashib borayotgan ushbu tarmoqni shartli ravishda “navoiyshunoslik tarjimachiligi” deb nomlash mumkin. Ushbu yo‘nalish fundamental manbashunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslikning o‘zaro tutashuv nuqtasida paydo bo‘lib, Alisher Navoiy merosini o‘rganish hamda ommalashtirishning manbashunoslik bazasini boyitishga xizmat qilmoqda. Professor Ibodulla Mirzayev ana shu yangicha ilmiy yo‘nalishning shakllanishi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi olimlardan biridir.
Tadqiqotchi atoqli sharqshunos-navoiyshunos Bertelsning navoiyshunoslik tarixida mumtoz namuna deb e’tirof etilgan dastlabki fundamental asarlarini rus tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girib, milliy manbashunosligimiz xazinasini muhim nazariy asarlar bilan boyitmoqda. Xususan, olimning ko‘p yillik zahmatli mehnati mahsuli bo‘lgan Bertelsning “Navoiy” nomli akademik monografiyasining to‘liq o‘zbekcha tarjimasi ilmiy jamoatchilik va keng kitobxonlar tomonidan yuqori baholandi. Olimning “Navoiy”, “Jomiy”, “Sufizm va tasavvuf adabiyoti”, “Navoiy va Attor” kabi fundamental asarlari, shuningdek, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni va ungacha bitilgan “Iskandarnoma”larga bag‘ishlangan tahliliy tadqiqotlarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi milliy navoiyshunosligimiz uchun istiqbolli ilmiy g‘oyalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bunday keng ko‘lamli tarjima ishlarining aynan Samarqandda izchil amalga oshirilayotgani manbashunoslik va akademik navoiyshunoslik sohasida Samarqand ilmiy maktabining jahondagi yetakchi ilmiy markazlar bilan teng muloqot qila olish salohiyatini hamda dunyo ilm-fani bilan hamnafas holda faol tashabbus ko‘rsatayotganini yorqin namoyon etadi
Olimning ilmiy-amaliy faoliyati shunchaki tarjima amaliyoti bilan cheklanib qolmay, lingvistik va adabiyotshunoslik tamoyillariga asoslangan yaxlit ilmiy konsepsiyani o‘zida mujassam etadi. I.Mirzayev tarjimashunoslikni mustaqil va tizimli ilm-fan sohasi sifatida shakllantirishda yetakchi tashabbuskor bo‘ldi. Olim tomonidan Samarqand davlat universitetida “Ilmiy tarjima” laboratoriyasining tashkil etilishi tarjima jarayonlarini nazariy va tajribaviy asosda o‘rganish imkonini berdi. U taklif etgan ilmiy-metodologik yondashuvlar matnni qiyosiy-chog‘ishtirma o‘rganish hamda milliy va xalqaro tarjima an’analarini uyg‘unlashtirishga xizmat qildi. Olimning dastlabki ilmiy izlanishlaridayoq (xususan, fransuzcha xos so‘zlar tadqiqiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasi) lingvistik va terminologik madaniyat masalalari ustuvor o‘rin egallagan.
Professor I.Mirzayev matndagi narsa-hodisalarning o‘zini emas, balki ularning semantik va konnotativ nomlarini tarjima qilish zarurligini ilmiy asoslab berdi hamda fransuzcha-o‘zbekcha parallelsiyada xos so‘zlar (realiyalar) tasnifini ishlab chiqdi. Samarqandda yuqori malakali tarjimashunos va filolog kadrlar tayyorlashning mustahkam tizimi olimning sa’y-harakatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Professor Ibodulla Mirzayev Samarqand tarjimashunoslik maktabining g‘oyalar negizini hamda amaliy yo‘l-yo‘riqlarini belgilab bergan, uning ilmiy nufuzini yuksaltirgan va ushbu sohani yuksak ilmiy darajaga olib chiqqan buyuk olim hamda fidoyi ustozdir.
Badia Muhiddinova,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU
Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti professori,
filologiya fanlari doktori (DSc)
O‘zA