Toshkentda harbiy bo‘linmalarning tantanali piyoda yurish marosimi tashkil etildi
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy bo‘linmalarining tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tantanali yurish O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hududidan boshlanib, harbiy bo‘linmalar poytaxtning “Parkent” va “Mustaqillik” ko‘chalari bo‘ylab belgilangan marshrut asosida harakatlandi. Marosim davomida sohibqiron Amir Temurning jangovar bayrog‘i baland ko‘tarilib, tarixiy meros va zamonaviy harbiy salohiyatning uzviy uyg‘unligi yorqin namoyon etildi, – deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.
Safda zamonaviy milliy armiyamiz harbiy xizmatchilari bilan bir qatorda XIV–XV asrlar harbiy liboslari va qurol-aslahalarida gavdalangan tarixiy jangchilar obrazlari ham ishtirok etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tantanali yurish davomida poytaxt aholisi hamda mehmonlari mazkur jarayonni katta qiziqish bilan kuzatib, ishtirokchilarni iliq qarsaklar bilan kutib oldi.
Bayram tadbirlari yakunida harbiy bo‘linmalar “Mustaqillik” va “Temir yo‘l” ko‘chalari orqali belgilangan manzilga qaytib, tantanali yurish marosimini yakunladi.
O‘zA