Bozorlarda xavfsizlik nazorati doimiy e’tiborda (+video)
Bozorlarda kuzatilayotgan to‘kinchilik mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va qishloq xo‘jaligi sohasining izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. So‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqarish hajmining ortishi va fermer xo‘jaliklariga yaratilgan imkoniyatlar bozorlarda mahsulotlar serobligini ta’minlamoqda.
Bozorlardagi farovonlik bilan bir qatorda eng muhim masala — xavfsizlik tizimi hisoblanadi. Chunki bozorlar aholi eng ko‘p to‘planadigan, kunlik faol harakat kuzatiladigan hudud bo‘lib, bu yerda har qanday xavfsizlik qoidasiga amal qilish inson hayoti va mulkini himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, katta bozorlarda bir kunda o‘rtacha 10–50 minggacha xaridor va sotuvchi harakatlanadi, bu esa xavfsizlik nazoratini uzluksiz kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida joylashgan “Barakali Ahmadshoh avlodlari” MCHJ rahbari Regina Shoyeva bu haqda quyidagicha fikr bildirdi:
– Bozorlardagi farovonlik qanchalik muhim bo‘lsa, xavfsizlik tizimi ham shunchalik hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deydi Regina Shoyeva. – Ayniqsa, yong‘inga qarshi tizim, elektr tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanish va nazorat mexanizmlarining kuchaytirilishi har bir fuqaroning xavfsizligini ta’minlaydi. Bozor — bu faqat savdo joyi emas, balki insonlar jamlanadigan katta ijtimoiy hudud. So‘nggi vaqtlarda bozorlarda infratuzilmani yaxshilash bilan birga, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘laklarni tartibga keltirish, sanitariya sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda, elektr tarmoqlari va texnik jihozlardan xavfsiz foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, yong‘inga qarshi xavfsizlik masalasi ustuvor yo‘nalishga aylangan. Bozor hududlarini o‘t o‘chirish vositalari bilan to‘liq jihozlash, maxsus nazorat postlarini tashkil etish va xodimlarni favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishga o‘qitish orqali xavf-xatarlarning oldi olinmoqda.
Qayd etilishicha, eski elektr simlar va noqonuniy ulanishlar, yonib ketish xavfi yuqori bo‘lgan savdo nuqtalari, odamlar gavjumligida evakuatsiya yo‘laklarining to‘silishi hamda sanitariya talablariga to‘liq amal qilinmaslik kabi holatlar bozorlardagi asosiy xavf omillari sanaladi.
So‘nggi yillarda bozorlarda xavfsizlikni yaxshilash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, videokuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda, favqulodda vaziyatlar uchun ogohlantirish tizimlari joriy etilmoqda, har bir savdo nuqtasida o‘t o‘chirish vositalari majburiy qilib belgilanmoqda. Shu bilan birga, bozor ma’muriyati xodimlari uchun favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish amaliyoti ham kengaymoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bvwdZU8pP3M" title="Bozorlarda xavfsizlik nazorati doimiy e’tiborda " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA