Markaziy Osiyo yoshlari xalqaro diplomatiya asoslarini o‘rganmoqda
Shu kunlarda poytaxtimizda “Central Asian Model OSCE 2026” yoshlar ta’lim tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan YeXHTning Ostona, Bishkek va Dushanbedagi Dasturiy ofislari bilan hamkorlikda xalqaro “Nordic” universitetida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 25 nafar yigit-qiz ishtirok etmoqda. Diplomatik simulyatsiya formatidagi, ya’ni xalqaro muzokaralar jarayonini amalda modellashtiruvchi interaktiv mashg‘ulot davomida ishtirokchilar diplomatlar rolini o‘ynab, inqirozli vaziyatlarni muhokama qilish, rezolyutsiyalar ishlab chiqish va davlatlar manfaatlarini himoya qilish kabi vazifalarni bajarmoqda.

– YeXHT modeli yoshlar uchun diplomatiya va muzokaralar sohasida amaliy tajriba to‘plash hamda xalqaro tashkilotlar faoliyatini chuqurroq o‘rganishga yordam beradi, – deydi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen. – Markaziy Osiyo yoshlarini birlashtirgan ushbu tashabbus mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek yoshlarni xavfsizlik sohasidagi umumiy muammolarni hal etishga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Besh kun davomida ishtirokchilar YeXHT faoliyati bilan yaqindan tanishib, xavfsizlik sohasidagi dolzarb muammolar, qaror qabul qilish jarayonida yoshlarning o‘rni hamda BMT Xavfsizlik kengashining 2250-sonli «Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik» rezolyutsiyasini o‘rganmoqda.
– YeHHT modeli asosida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulot menga xalqaro darajadagi qarorlar qanday qabul qilinishi va diplomatik muloqot qay tarzda shakllanishini yaxshiroq tushunish imkonini berdi, – dedi Tojikistondan kelgan Nigora Ilolova. – Jurnalist sifatida men uchun omma oldida chiqish, bildirilgan fikrni dalillar asosida tasdiqlash va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarimni rivojlantirish, shuningdek Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan yoshlar bilan tajriba almashish juda muhim.

Dasturda amaliy jihatlarga, shu jumladan interaktiv mashg‘ulotlar va diplomatik bahs-munozaralar, YeXHTning Doimiy kengashi faoliyatining to‘liq simulyatsiyasini tashkil etishga urg‘u berilgan. Ushbu jarayonda yoshlar diplomatlar rolida ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan ko‘p tomonlama muzokaralar olib bormoqda.
Shu bilan birga, gender tengligi, inklyuziv ishtirok hamda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda yoshlarning o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
“Central Asian Model OSCE 2026” dasturi ishtirokchilarga xalqaro diplomatiya sohasida nazariy bilim va amaliy tajriba olish, ularning muzokaralar olib borish, murosaga erishish hamda konstruktiv ko‘p tomonlama muloqotni yo‘lga qo‘yish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA