Toshkentda birinchi Xalqaro yoshlar yuridik forumi o‘tkazilmoqda
Toshkent davlat yuridik universitetida birinchi Xalqaro yoshlar yuridik forumining ochilishiga bag‘ishlangan yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov ishtirok etdi.
Mazkur forum "Tashkent Law Spring" IV xalqaro yuridik forumi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda 300 dan ortiq talaba qatnashmoqda. Ulardan 100 nafardan ziyodi Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan.
Forumning asosiy maqsadi yoshlarning huquqiy tafakkurini rivojlantirish, ularni huquqiy muammolarni hal etishga tayyorlash, xalqaro huquq normalari bilan tanishtirish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash hamda huquqiy kelajakni birgalikda barpo etishga qaratilgan.
[gallery-23677]
— Bu forum shunchaki tadbir emas, balki bir harakat, yangi an’analarning boshlanishidir. Biz uni Markaziy Osiyodagi eng nufuzli yoshlar huquqiy platformasiga aylantirishni maqsad qilganmiz, — dedi adliya vaziri Akbar Toshqulov o‘z nutqida.
Ikki kunlik forum doirasida talabalar ishtirokida qator muhim tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Yoshlar huquqiy munozaralari chempionati va Xalqaro mojarolarni hal etish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
Shuningdek, "Yuridik klinika" nomli workshop'da talabalar jamoalari fuqarolarga yuridik maslahat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z amaliy ko‘nikmalarini namoyish etadilar. Forum davomida ishtirokchilar mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, dolzarb huquqiy masalalarni muhokama qilish va innovatsion yondashuvlar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Umidjon Qurbonov, Asliddin Ali (surat), O‘zA