Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati Bekobod tumanida qishloq xo‘jaligining muhim bosqichlaridan biri — chigit ekish jarayoniga start berildi. Joriy yilda ham ilg‘or “Shinjon” texnologiyasi asosida paxta 76/10 sxemada, plyonka ostida ekish usulida yetishtirilmoqda. Bu esa hosildorlikni oshirish va resurslardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Mavsum oldidan Hamza mahallasidagi muqaddas Buzruk bobo ziyoratgohida jonliq so‘yilib, ehson qilindi. Yurt tinchligi va barakali hosil tilab, duolar qilindi. Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev jarayon bilan tanishib, dehqonlarga muhim tavsiyalar berdi. Ayni paytda zamonaviy texnikalar ishga tushirilib, yerlar sifatli tayyorlanmoqda. Suv tejovchi texnologiyalar va samarali agrotexnik tadbirlar esa mo‘l hosil olishning asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
***
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i A. Inagamov tomonidan Nurafshon shahrida alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Mazkur hujjat orqali naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hamda biznes jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, 2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlar — davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i xaridi, 25 million so‘mdan ortiq tovar va xizmatlar hamda ayrim transport va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi faqat bank kartasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Mazkur yangiliklar iqtisodiyotda shaffoflikni oshirish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va tadbirkorlik faoliyatini yanada tartibga solishga xizmat qiladi.
***
Toshkent viloyati aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Nurafshon shahrini boshqa hududlar bilan bog‘lovchi avtobus yo‘nalishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Nurafshon shahri – O‘rta Chirchiq tumanining Tuyabo‘g‘iz qo‘rg‘oni yo‘nalishida ham yo‘lovchilarga muntazam xizmat ko‘rsatish boshlandi. Avtobuslar aholiga qulay, xavfsiz va hamyonbop narxlarda xizmat ko‘rsatadi.

Nurafshon shahri hokimi Ilxom Klichxanov tomonidan mazkur yo‘nalishda harakatlanish jarayoni, avtobuslar hamda bekatlarning holati nazoratdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi.
A.Musayev,O‘zA.