Tibbiyot muassasalariga yangi jihozlar
Davlatimiz rahbarining tibbiyot sohasini isloh qilishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi doirasida mamlakatimizdagi shifo maskanlarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash izchil ravishda davom etmoqda.
Joriy yilning fevral oyida Respublika sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Namangan viloyatiga xizmat safari davomida Namangan tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish davomida, muassasaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida zamonaviy anjomlar bilan jihozlanishi to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

Shunga asosan, “Koreya eksport-import banki” bilan hamkorlik doirasida tuman tibbiyot birlashmasiga umumiy qiymati 2 milliard 349 million so‘mga teng bo‘lgan 25 turdagi, jami 38 ta zamonaviy tibbiy jihoz keltirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Dilmurod Qodirovning qayd etishicha, raqamli rentgen apparati, narkoz berish vositalari, videokolposkop, audiometr, lor kombayn, plazmali sterilizator va kardiomonitor singari takomillashgan vositalar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

E’tiborlisi shundaki, bunday zamonaviy tibbiy apparaturalar Namangan viloyatidagi shahar, tumanlardagi 14 tibbiyot birlashmasiga yetkazib berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.