Tomorqadan eksportgacha: Vodil tajribasi (+video)
Farg‘ona tumanidagi Vodil hududida malinachilik aholi uchun barqaror daromad manbai sifatida rivojlanmoqda. Ayniqsa, Vodil malinasi yuqori sifati bilan nafaqat mamlakatimizda, balki xorij bozorlarida ham xaridorgir mahsulotga aylangan.
Tumandagi Obod mahallasi aholisining asosiy daromad manbalaridan biri malinachilik hisoblanadi. Mahalladagi aksariyat xonadonlar ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanib, yetishtirilgan mahsulot ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
“Alpomish Xosiyatxon” fermer xo‘jaligi rahbari Elyorbek Nishonov tomonidan 14 gektar maydonda malina parvarishlanmoqda. Xo‘jalikda mahalliy navlar bilan bir qatorda Italiyaning bir nechta serhosil navlari ham yetishtirilmoqda.
Mahsulotning bir qismi ichki bozorga yo‘naltirilsa, asosiy qismi Turkiya va Rossiyaga eksport qilinayotir. Xo‘jalikda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinishi natijasida suv va mineral o‘g‘itlar sarfi qisqargan.
Ayni paytda xo‘jalikda 24 nafar doimiy va 200 nafardan ortiq mavsumiy ishchining bandligi ta’minlangan.
[gallery-29889]
Tadbirkor tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vodil raspberry 555” kooperatsiyasi Obod, Navro‘z va Yuqori Vodil mahallalaridagi aholi xonadonlari hamda 130 dan ziyod fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik qilmoqda. Kooperatsiya a’zolariga ko‘chatlar yetkazib berilib, agrotexnik maslahatlar ko‘rsatilmoqda va yetishtirilgan hosil kafolatli tarzda xarid qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili 500 tonna malina eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 2 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, qiymati 3 milliard so‘m bo‘lgan, 400 tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega zamonaviy muzlatkich ombori va qayta ishlash sexi qurilishi boshlangan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda mahsulotni saqlash va eksport qilish imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda.
<iframe width="815" height="446" src="https://www.youtube.com/embed/c0e38DUgfbY" title="Tomorqadan eksportgacha: Vodil tajribasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA