Energetika tizimidagi murojaatlar muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Energetika vazirligining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning hal etilish holati va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, 2025-yilda sohaga oid jami 108 ming 310 ta, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida esa 40 ming 312 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 101 ming 372 tasi qanoatlantirilgan.

Qayd etilganidek, joylarda suyultirilgan gaz ballonlar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmoqda. Joriy yilning mart oyidan barcha hududlardagi suyultirilgan gaz iste’molchilariga “Face-id” tizimi orqali manzilli yetkazib berilmoqda.
Muhokamalarda qayd etildiki, energetika tizimi aholining farovon turmush sharoitida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, sohada aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli darajada bajarilishini ta’minlash ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, xodimlarning malakasini oshirish, vazirlik hududiy boshqarmalarida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holatini muntazam o‘rganib borish lozimligi bo‘yicha bir qator tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA