BRM tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari
Yurtimizda yangilangan Bosh qomusimiz asosida ijtimoiy siyosat izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator choralar ko‘rilmoqda. Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida eng muhim ijtimoiy masalalarga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Bu borada Barqaror rivojlanish markazi eksperti Gulhayo Barnoyeva o‘z fikrlarini bildirdi:
– Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarini ta’minlash masalalari doim jahon hamjamiyatining diqqat e’tiborida bo‘lib kelgan. 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Nizomining qabul qilinishi mazkur masala bo‘yicha xalqaro huquqning yanada rivojlanishi uchun asos bo‘ldi. Unda insonning asosiy huquqlari, inson qadr-qimmati, erkaklar va ayollarning hamda katta va kichik xalqlarning teng huquqliligiga rioya qilinishi ilgari surilgan.
Inson huquqlarini tan olish global qadriyatdir, ammo huquq va erkinliklarda tenglikni e’lon qilish har doim ham aholining ayrim guruhlariga taalluqli emas, ular ba’zan o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ularni to‘liq amalga oshira olmaydi. Shunday qilib, vaqt o‘tishi bilan xalqaro hamjamiyat bunday odamlar guruhlarini “zaif aholi” deb ajratib ko‘rsatishni boshladi.

Zaiflik darajasi yuqori bo‘lganlarni, ya’ni bolalar, nogironlar, ayollar va qariyalarni zaif guruh deb e’tirof etishning huquqiy asosi BMT Bosh Assambleyasi Uchinchi qo‘mitasining rezolyutsiyalari bo‘lib, unda aholining ushbu toifalari ko‘rsatilgan.
Aholining zaif qatlamlari o‘z imkoniyatlarini, shu jumladan salomatligi, jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishishini to‘liq rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash, himoya qilishga e’tibor qaratib kelinadi.
Ayni paytda “Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” BRMning asosiy tamoyili doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilish borasida milliy qonunchilik va davlat tomonidan ijtimoiy siyosat olib borilmoqda. Aholining barcha toifalari, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlamini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish, bu bo‘yicha davlat siyosatini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
2022–2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi BRMni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Hukumat 16 ta milliy BRM, 125 ta vazifa va 206 ta ko‘rsatkichni ma’qulladi.
BRM insoniyatning farovonligi va himoyasini yaxshilashga qaratilgan o‘ziga xos chaqiruvdir. BRMning asosiy tamoyili – “Hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak” – birinchi navbatda ijtimoiy rivojlanish maqsadlariga taalluqli. Bu tamoyil BRMga erishish jarayonida aholining barcha toifalari ehtiyojlari va xususiyatlarini hisobga olish muhimligini bildiradi.
Ushbu tamoyil aholining barcha toifalari, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlamini himoya qilish standartlarini ishlab chiqish bilan mos keladi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarning salmoqli qismi, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlarining umumiy sharhlari va tavsiyalari aholining barcha toifalari, ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlamini himoya qilishga bag‘ishlangan.
Masalan, BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tavsiyalarining deyarli barchasi ushbu ayollar guruhlariga bag‘ishlangan. Xususan, nogironligi bor ayollarga bag‘ishlangan, migrant ayollarga, mojaro zonalaridagi ayollar uchun, qochqin yoki fuqaroligi bo‘lmagan ayollar, qishloq joylarda yashovchi ayollar uchun va global migratsiya jarayonida xotin-qizlar savdosi bo‘yicha umumiy tavsiyalar taqdim etilgan.
BRMning barcha maqsadlarida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga jamiyat e’tiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA