Til — millat ruhi va milliy o‘zlik ifodasi
O‘zbek tilining tarixiy ildizlari, unutilgan so‘zlarni tiklash va ona tilining jamiyat hayotidagi o‘rni xususida suhbat.
Ona tili — millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qiyofasi va o‘zligini namoyon etuvchi bebaho boylik. Unda xalqning asrlar davomida shakllangan dunyoqarashi, urf-odatlari, qadriyatlari va hayotiy tajribasi mujassam. Tilning davlat tili sifatidagi maqomi esa uning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 37 yil to‘lishi munosabati bilan tilning tarixiy ildizlari, qadimiy so‘zlarni qayta tiklash, zamonaviy atamalarni shakllantirish hamda yosh avlod tarbiyasida ona tilining o‘rni xususida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Mushtariy Xolmurodova bilan suhbatlashdik.
— Ustoz, tilning o‘zi muayyan maqomga muhtojmi? Agar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilmaganida, bugungi tilimizning ahvoli qanday bo‘lishi mumkin edi?
— Umuman olganda, til maqomga muhtoj emas. Insonga ona tiliga muhabbat va hurmat tug‘ilganidan, ona allasini eshitganidan boshlab tabiiy ravishda singishi kerak. Har bir inson o‘z tilini qadrlashi zarur.
Biroq muayyan qadriyatni davlat miqyosida, qonun bilan mustahkamlash uning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va uning qonun bilan himoya qilinishi asosli qarordir. Buni milliy qadriyatlarimizning huquqiy jihatdan mustahkamlangan ifodasi sifatida baholash mumkin.
— Til jamiyat bilan birga rivojlanadi, o‘zgaradi. Siz tilimizning tarixiy ildizlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borgansiz. Qadimgi turkiy til bilan bugungi o‘zbek tili o‘rtasida qanday o‘zgarishlar yuz bergan?
— Albatta, tilimiz tarixida muayyan uzilishlar va o‘zgarishlar bor. Chunki har qanday davlat va jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy jarayonlar tilda ham aks etadi.
O‘zbek tiliga arab, fors-tojik va rus tillarining ta’siri bo‘lgan. Qo‘shni xalqlar bilan uzoq yillar davomida kechgan madaniy va tarixiy aloqalar natijasida tillar bir-biridan so‘zlar o‘zlashtirgan.
2017-yilda Turkiya tili qurumi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada qatnashganimda, arabshunos va forsshunos olimlardan biri o‘zbek tilidagi so‘zlarning katta qismi arab hamda fors-tojik tillariga mansubligini ta’kidlab, sof turkiy so‘zlarga misol keltirishni so‘ragan edi. Bu holat tilimizning tarixiy qatlamlarini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Menimcha, qadimgi va eski turkiy tilga oid, vaqt o‘tishi bilan iste’moldan chiqib ketgan so‘zlarimizni o‘rganish va imkon qadar qayta tiklashimiz kerak. Chunki tilning har bir so‘zi xalqning tarixiy xotirasi va o‘zligi bilan bog‘liq.
— Demak, unutilgan so‘zlarni qayta iste’molga kiritish milliy o‘zlikni anglashga ham xizmat qiladi. Buning inson tafakkuri va hissiyotlari bilan qanday bog‘liqligi bor?
— Inson o‘z hissiyotlarini, eng avvalo, ona tilida ifodalaydi. Qaysi tilni o‘rganishidan qat’i nazar, quvonganida, iztirob chekkanida yoki jahli chiqqanida ko‘pincha o‘z ona tiliga murojaat qiladi. Bu tilning inson ruhiyati bilan naqadar chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Turkiy xalqlarda turli holatlar, hissiyotlar va jarayonlarni ifodalovchi juda ko‘p so‘zlar mavjud bo‘lgan. Masalan, Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida yig‘lash tushunchasining turli ma’no va darajalarini ko‘rsatgan. Bugun esa ko‘plab nozik ma’nolarni birgina umumiy so‘z bilan ifodalashga odatlanib boryapmiz.
Inson o‘z kechinmalarini qanchalik aniq anglab, ifodalay olsa, o‘zini ham shunchalik yaxshi tushunadi. Shuning uchun qadimiy so‘zlarimizni o‘rganish, ularning ma’nosini anglash va hayotimizga qaytarish muhim. Bu jarayon til boyligini oshirish bilan birga, o‘zligimizga yaqinlashishimizga ham yordam beradi.
— Bugungi kunda ko‘plab xorijiy atamalarga o‘zbekcha muqobillar taklif etilmoqda. Ularning qay darajada muvaffaqiyatli ekanini qanday baholaysiz? Atama tanlashda nimalarga e’tibor berish lozim?
— Boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarni o‘zbekchalashtirishga mustaqillikning dastlabki yillaridanoq alohida e’tibor qaratilgan. O‘sha davrda avtobusga «ko‘pko‘rar», telefonga «turovoz», aeroportga «tayyoragoh», samolyotga esa «tayyora» kabi muqobillar taklif qilingan. Biroq ularning ayrimlari xalq orasida keng ommalashmagan.
Bu yerda muhim bir jihat bor: yangi atamani mutaxassislar taklif qilishi mumkin, ammo uning yashab ketishi, avvalo, xalq tomonidan qabul qilinishiga bog‘liq.
Avtobus, kompyuter, marketing kabi xalqaro miqyosda keng qo‘llanadigan so‘zlarni o‘z shaklida saqlash maqsadga muvofiq bo‘lgan holatlar ham bor. Shu bilan birga, o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida muqobillar yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etish kerak.
Masalan, parol so‘ziga muqobil sifatida «o‘ron» atamasining taklif qilinishi yoki «namlagich» so‘zining muayyan tushunchani ifodalashda qo‘llanishi shunday izlanishlar jumlasidan. Bunda asosiy mezon — so‘zning mazmunni to‘g‘ri ifodalashi, tilimizning tabiatiga mosligi va xalq uchun tushunarli bo‘lishidir.
Yana bir muhim manba — shevalarimiz. Ularda qadimiy turkiy so‘zlarning ko‘plab namunalari saqlanib qolgan. Ularni o‘rganib, adabiy tilga mos keladiganlarini aniqlash lozim. Zero, yangi so‘z yaratishdan ko‘ra, tilimizning mavjud boyliklarini kashf etish va ulardan foydalanish samaraliroq bo‘lishi mumkin.
— Bugungi ko‘ptillilik sharoitida milliy ruhni, ona tiliga hurmatni saqlash uchun nimalar qilish kerak? Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida tilning o‘rni qanday?
— Bu juda dolzarb masala. Til shunchaki muloqot vositasi emas. U orqali insonning fikrlashi, dunyoqarashi, madaniyati va muomala odobi shakllanadi.
Bugungi kunda ayrim ota-onalarning farzandlarini o‘zga tillarda ta’lim beriladigan maktab va bog‘chalarga joylashtirishga intilishi kuzatiladi. Boshqa tillarni o‘rganish, albatta, foydali. Biroq bu jarayonda ona tilining o‘rni va milliy tarbiyaning ahamiyati e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Bola hayotining dastlabki bosqichlarida til orqali atrof-muhitni anglaydi, kattalar bilan munosabat o‘rnatadi va muayyan madaniy qadriyatlarni o‘zlashtiradi. Shu sababli oilada, maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zbek tiliga e’tibor kuchli bo‘lishi zarur.
Til bilan birga maqollar, matallar, urf-odatlar, odob-axloq me’yorlari va xalqning ko‘p asrlik tajribasi ham avloddan avlodga o‘tadi. Demak, ona tilini asrash milliy madaniyatni asrash bilan chambarchas bog‘liq.
Bu ishni eng avvalo oiladan, bolaning ilk tarbiyasidan boshlash kerak. Farzand o‘z ona tilida ravon so‘zlashishi, fikrini erkin ifodalashi va milliy qadriyatlarni anglashi uchun zarur sharoit yaratish muhim.
— Demak, ona tiliga munosabat vatanparvarlik tuyg‘usi bilan ham uzviy bog‘liq. Tilimizning mavqeini yanada mustahkamlash borasida qanday xulosaga kelishimiz mumkin?
— Tilga e’tibor faqat bayramlar yoki muayyan sanalar bilan cheklanib qolmasligi kerak. U kundalik hayotimizda, ta’limda, ilm-fanda va jamiyatning barcha sohalarida namoyon bo‘lishi lozim.
O‘zbek tilining tarixiy boyligini o‘rganish, unutilgan so‘zlarni tiklash, zamonaviy atamalarni puxta ishlab chiqish va yosh avlodda ona tiliga hurmatni shakllantirish — bularning barchasi o‘zaro bog‘liq vazifalardir.
Boshqa tillarni o‘rganish bilan birga o‘z ona tilimizni ham chuqur bilishimiz, uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak. Chunki tilni qadrlash — o‘z tariximizni, madaniyatimizni va milliy o‘zligimizni qadrlash demakdir.
Xulosa o‘rnida
Suhbatdan anglashiladiki, ona tilining taraqqiyoti faqat qonuniy maqom yoki yangi atamalar bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy kuchi xalqning kundalik hayotida, oiladagi tarbiyada, ta’lim tizimida va jamiyatning tilga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tilining tarixiy qatlamlarini chuqur o‘rganish, qadimiy so‘zlarni qayta kashf etish va zamonaviy ehtiyojlarga mos ravishda rivojlantirish kelajak avlod oldidagi muhim vazifalardan biridir. Zero, ona tilini asrash — o‘tmish merosini saqlash bilangina cheklanmay, millatning kelajagini ham mustahkamlashdir.
O‘zA muxbiri Sherbek Islomov suhbatlashdi.