Ijtimoiy moslashuv – umidsizlikdan ulkan imkoniyatlar sari
21-22-oktabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusidagi jahon sammiti ishtirokchilari ko‘hna va hamisha navqiron shaharda kutib olinmoqda.
Bugun sammit ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli markaz va ijtimoiy muassasalarga sayohat tashkil etildi.

Dastlab mehmonlar Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi. Ayni paytda mazkur markaz hamda shahardagi 197 ta mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan 290 nafardan ortiq ijtimoiy xodim 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yuzdan ziyod xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
– Bugungi kunda shahrimizda vasiylik va homiylikka berilgan hamda muassasalarda tarbiyalanayotgan 1006 nafar voyaga yetmagan bola bor, – deydi Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rabbimov. – Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib hayot sharoitlarini yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mahallalarda xizmatlar soni 25 tadan 52 taga oshirildi. 3 ta muqobil oilaviy tarbiya shakli joriy etilib, 893 nafar bola tegishli xizmatlar bilan qamrab olindi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahridagi SOS bolalar mahallalari bilan hamkorlikda 120 nafar bolaga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, 11 nafar bolaning oilaviy muhitga qaytarilishi ta’minlangan. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida “Mehr daftari” jamg‘armasi orqali 81 nafar bolaga turli yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Markaz faoliyati bilan tanishuv asnosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Shohruh Hidoyatov tizimda yaqinda ishga tushirilgan “Bola himoyasi” moduli haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-32066]
– Mazkur modul bolalar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni erta aniqlash va ularning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi, – deydi Shohruh Hidoyatov. – Unda 28 ta xavf-xatar yo‘nalishi va 146 ta mezon belgilangan bo‘lib, davlat organlari, sudlar, tibbiyot va ichki ishlar muassasalaridan kelib tushadigan ma’lumotlar asosida xavfli holatlar aniqlanadi. Zarur hollarda 24 soat ichida tezkor choralar ko‘rilib, har bir bola uchun individual himoya rejasi ishlab chiqiladi va kerakli ijtimoiy xizmatlar tashkil etiladi.
Press-tur davomida ishtirokchilar Samarqand tumanida yaqinda faoliyat boshlagan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.
– Oktyabr oyidan ish boshlagan muassasamizning asosiy vazifasi bolalarni sog‘lomlashtirishdan iborat, – deydi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Nigina Murodova. – Shu bilan birga, bu yerda bolalarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalari shakllantiriladi va ularning jamiyatga moslashishiga ko‘maklashiladi. Markaz 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 10 ta maxsus guruh tashkil etilgan. Ularga 130 nafar tarbiyachi-pedagog va ijtimoiy xodim biriktirilgan. Qolaversa, har oyda 100 nafargacha bolaga ambulator tartibda 20 dan ziyod sifatli reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Bu yerdagi muhit va yaratilgan tizim har bir bolaning individual ehtiyojlariga moslashtirilgan. Markazga tayanch-harakat tizimi kasalliklari va nuqsonlari, aqliy va psixo-nutqiy rivojlanishdan ortda qolayotgan, eshitish va ko‘rish a’zolarida muammosi bor, shuningdek, tug‘ma hamda irsiy kasalliklarga chalingan 2 yoshdan oshgan bolalar qabul qilinadi.
Muassasada ko‘p tarmoqli malakali mutaxassislar jamoasi faoliyat yuritadi. Bolalarga pediatr, defektolog, psixolog, oftalmolog, nevrolog, ortoped, otorinolaringolog va psixonevrolog tomonidan chuqurlashtirilgan diagnostika hamda maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ayni paytda yurtimizda 4 ta “Imkon” va 1 ta “Umid” markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasalarda bolalarning 10,5 soat yoki 24 soat davomida bo‘lishiga mo‘ljallangan guruhlar tashkil etilgan.
Xorijiy delegatsiyalar vakillari, xususan YUNICEFning Yevropa, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Begbeder hamda tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari Samarqand shahridagi 67-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, ta’lim-tarbiya jarayoni va bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan mashg‘ulotlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, SmartED loyihasi doirasida joriy etilayotgan yangi maktabgacha ta’lim o‘quv dasturi, jumladan, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida amalga oshirilayotgan zamonaviy va inklyuziv ta’lim yondashuvlari mehmonlarga taqdim etildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari