O‘quvchilar o‘rtasida “Ommaviy diktant” tadbiri o‘tkazildi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyi o‘quvchilari o‘rtasida “Ommaviy diktant” tadbiri tashkil etildi.
Partiya saylovoldi dasturida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, uning qo‘llanilish doirasini kengaytirish, yosh avlodni o‘zbek tiliga hurmat ruhida tarbiyalash kabi vazifalar belgilangan.

Mamlakatimizning keng aholi qatlami, xususan, yosh avlodning savodxonlik darajasini aniqlash, davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytirish, shuningdek, yozma nutq madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan ommaviy diktant davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.

Shuningdek, tadbirda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, o‘zbek adabiy tilining qo‘llanilishi va ta’limini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir so‘nggida g‘olib va faol ishtirokchilar partiya tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri